Qirg‘iz narkokuryerlari chegarada uloqtirib bergan gashishni qabul qilib olgan fuqaro ushlandi

Qirg‘izistonlik narkokuryerlar chegarada uloqtirib bergan “gashish”ni qabul qilgan fuqaro qo‘lga olindi
Sputnik
TOShKENT, 17 yanv — Sputnik. DXXning Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirida Andijon tumanida yashovchi, 1992 y.t. fuqaro Xo‘jaobod tumaniga borib, qirg‘izistonlik narkokuryerlar tomonidan davlat chegarasidagi sim to‘siqlar va unga parallel ravishda o‘rnatilgan devor ustidan uloqtirib o‘tkazib berilgan 3 kg 860 gr “gashish” moddasini qabul qilib olgan vaqtida ushlandi.
Andijon viloyatida kuzatilgan yana bir holatda esa 1980 y.t., muqaddam bir necha bor sudlangan fuqaro yonida 110 dona flakonda “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlarining Bojxona qo‘mitasi xodimlarini jalb etgan holda o‘tkazgan tezkor tadbirida Toshkent shahri tomon harakatlanib ketayotgan, Namangan shahrida yashovchi, 1987 y.t. fuqaro boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomashina Qamchiq dovonida to‘xtatildi.
Avtomashina ko‘zdan kechirilganda, uning salon qismida va yukxonasida 1680 dona flakonda “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi borligi aniqlanib, o‘rnatilgan tartibda olib qo‘yildi. Shuningdek, mazkur dori vositalari Toshkent shahrida yashovchi, 1984 y.t., muqaddam sudlangan fuqaroga olib ketilayotganligi ma’lum bo‘lib, u ham hibsga olindi.