Mirziyoyev mehnat ta’tilidan nega erta qaytgani ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov davlat yetakchisi nega ta’tilni erta yakunlab, ikki kunda ishga qaytganiga izoh berdi.
Sputnik
TOShKENT, 16 yanv — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mehnat ta’tilidan Qozog‘istondagi voqealar sabab erta qaytgan. Bu haqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
“Qozog‘istondagi voqealar boshlanishi bilan prezidentimiz uchta davlat rahbari bilan telefonda gaplashib, mintaqadagi vaziyat va qo‘shni davlatdagi voqealarning mintaqaga ta’sirini muhokama qildilar. Xalqimiz tinchligi, farovonligi va xavfsizligi prezident uchun birinchi o‘rinda turadi va u kishi doim xalqimiz bilan birga. Davlat rahbari ta’tildan tez qaytishlarining sababi Qozog‘istondagi tinchlik tarafdori ekanlaridir”, — dedi Asadov “O‘zbekiston 24” telekanalining “Menimcha” teleko‘rsatuvida.
Avvalroq Mirziyoyev 2022-yil 5 yanvar kuni qisqa muddatli mehnat ta’tiliga chiqqani va 2 kun o‘tar-o‘tmas, ya’ni 7 yanvar kuni odatdagi tartibda ishlashga qaytgani xabar qilingan edi.
Ma’lumot uchun, Shavkat Mirziyoyevning oldingi galdagi mehnat ta’tillari bir hafta davom etgan. Prezident 2021-yili yanvar oyida, 2019-yil avgust oyida ta’tilga chiqqan edi.