TOShKENT, 13 yanv — Sputnik. O‘zbekiston ko‘zi ojiz, ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan va bosma axborotni idrok etishda boshqa jihatdan qobiliyati cheklangan shaxslarning nashr etilgan asarlardan foydalanishini yengillashtirish to‘g‘risidagi Marokash shartnomasiga qo‘shildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mazkur xalqaro shartnomani amalga oshirish yuzasidan mas’ul vakolatli organ etib belgilandi.
Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirgandan keyin O‘zbekistonning majburiyatlari bajarilishini ta’minlaydi.
Mazkur shartnoma 2013-yilning 27-iyun kuni Marokashda qabul qilingan bo‘lib, 2016-yilning 30-sentabrida ko‘chga kirgan. Shartnoma Butunjahon intellektual mulk tashkilotining mualliflik huquki bo‘yicha tizimning bir qismidir.
Marokash shartnomasiga qo‘shilish gumanitar va ijtimoiy jihatlarga ega bo‘lib, shartnomaning imzolanishi ko‘rish qobiliyati va boshqa nogironligi bo‘lgan shaxslar foydalanishi uchun moslashtirilgan kitoblar, jurnallar va boshqa bosma materiallar ishlab chiqarilishini kengaytiradi va ijtimoiy zaif guruhlar ta’lim olishi, madaniy-ma’rifiy rivojlanishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Bugungi kunda ko‘zi ojiz odamlar dunyoda 43 millionni tashkil etadi. O‘zbekistonda esa ko‘rish imkoniyati cheklangan 72 mingdan ortiq odamlar yashaydi. Ularning 52 ming nafarga yaqini kitobxon. Mamlakatda ko‘zi ojiz insonlar uchun mo‘ljallangan 138 ta kutubxona mavjud.