TOShKENT, 13 yanv — Sputnik. Toshkent shahrida 7-yanvar kuni YHX xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmay, qochishga uringan “Malibu” haydovchisiga nisbatan o‘qotar qurol qo‘llangan edi.
Voqea ishtirokchilari YPX inspektori va haydovchi hodisa tafsilotlarini ma’lum qilishdi.
“Yunusobod tumani Yangishahar ko‘chasida yo‘lning qarama-qarshi tomonidan Malibu rusumli davlat raqami bo‘lmagan avtoulov katta tezlik bilan harakatlanib kelayotgan paytida yo‘lning o‘rtasiga chiqib, to‘xtatish maqsadida diqqat ishorasini berdim. Diqqat ishoraga bo‘ysunmasdan harakatlangani, fuqarolar hayotiga xavf solgani va xodimlarning qonuniy talablariga bo‘ysunmagani sababli IIV meyoriy buyruq va talablariga asosan qurol qo‘lladim”, — deydi YPX inspektori Elshod Rahmatov.
Hujjatlar o‘rganilganida ushbu fuqaro 2006-yilda ham JKning “transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish” moddasida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgani aniqlangan.
Bundan tashqari, haydovchi 2021-yilda xavfsizlikni kamarini taqmaslik, qizil chiroqdan bo‘ysunmasdan o‘tish, ruxsatsiz tusi o‘zgartirilgan oyna o‘rnatish, transport vositalarini quvib o‘tish va yo‘l belgilariga amal qilmaslik kabi qoidabuzarliklarni sodir etgan. Buning uchun jami 7 million 900 ming so‘mdan ziyod jarimaga tortilgan.
“Beldirsoyga bordim. O‘sha yerda aroq ichdim. To‘rt kun turdim, beshinchi kuni bu yer qimmatlik qilarkan, deb hisob-kitob qilmoqchi bo‘ldim. Yonimdagi pul yetmasdi, Toshkentga do‘konimdan pul olish maqsadida kelgandim. To‘g‘ri uyimga keldim. Xodimlarning to‘xtatishiga qaramasdan, qonuniy talablariga bo‘ysunmadim. Qilgan ishlarimdan afsusdaman, ayb menda, bo‘ynimga olaman. Aroq ichibman, pivo ichibman, keyin ‘voobshe’ o‘chib qolibman”, — deya aybini tan olgan “Malibu” haydovchisi.
Holat yuzasidan JKning 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.