Qozog‘iston yangi bosh vaziri Aripov va Mishustin bilan telefon suhbati o‘tkazdi

Smailov Aripovga O‘zbekiston bilan oldin erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning qat’iy tarafdori ekanini ma’lum qildi.
Sputnik
TOShKENT, 12 yanv - Sputnik. Qozog‘iston yangi bosh vaziri Alixan Smailov O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov bilan telefon suhbati o‘tkazdi.
Suhbat davomida Abdulla Aripov Smailovni ushbu lavozimga saylanishi munosabati bilan tabrikladi. Tomonlar ikki tomonlama va ko‘p tomonlama formatda strategik hamkorlikni mustahkamlashga ishonch bildirdilar.

"Qozog‘iston hukumati qardosh O‘zbekiston Respublikasi bilan strategik hamkorlikni mustahkamlashning va oldingi erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning qat’iy tarafdori bo‘lib qoladi. Ishonchim komilki, ikki tomonlama hamkorlik kun tartibida belgilangan rejalar birgalikda amalga oshiriladi", - dedi Smailov.

Qozog‘iston yangi bosh vaziri, shuningdek, Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin bilan ana shunday suhbat o‘tkzdi. Unda Smailov Rossiya va Qozog‘iston orasida oldin erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga qat’iy ishonch bildirdi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Qozog‘istonning eng yirik xorijiy hamkorlaridan biridir. Markaziy Osiyo hududlararo savdosining 70% O‘zbekiston va Qozog‘iston ulushiga to‘g‘ri keladi. 2021-yilning 10 oyida ikki tomonlama savdo-sotiq hajmi $3,26 mlrdni tashkil qildi. Bu 2020-yilning muvofiq ko‘rsatgichlariga nisbatan 30%ga ko‘p. 2021 yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Qozog‘istonning eng yirik 5ta xorijiy hamkorlari ro‘yxatiga kirishi mumkin.