TOShKENT, 12 yanv - Sputnik. Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida karantin qoidalariga qat’iy rioya qilinadi, deb xabar qilmoqda Maktabgacha ta’lim muassasalar vazirligi.
Vazirlik o‘z tasarrufidagi davlat MTMlariga Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan O‘zbekistonga koronavirusning “Omicron” shtammi kirib kelganida so‘ng e’lon qilingan cheklovlariga qat’iy amal qilish talabini qo‘ydi.
Xususan respublikadagi barcha davlat MTMlarida quyidagi qoidalar o‘rnatiladi:
“Covid 19”pandemiyasi davrida maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ish faoliyatiga qo‘yiladigan vaqtinchalik sanitariya-gigiyenik talablar"ga qat’iy rioya etiladi;
davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bayram tadbirlari o‘tkazilishi vaqtinchalik cheklanadi;
ota-onalar va tashqaridan mehmonlar kirishiga yo‘l qo‘yilmaydi (zarur vaziyatlarda so‘nggi uch kunlik PSR testi va emlanganligi haqida sertifikati bo‘lishi lozim);
yig‘ilishlar o‘tkazilishi cheklanadi, zarur hollarda yig‘ilishlarni videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish choralari ko‘riladi;
mazkur cheklovning buzilishiga yo‘l qo‘yilgan taqdirda tegishli tartibda javobgarlik choralari (hayfsan, jarima va b.q.) qo‘llaniladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 7-yanvar kuni O‘zbekistonga kelgan xorijiy fuqaroda birinchi "Omicron" shtammi aniqlangan edi. Ushbu munosabat bilan SSV karantin chekloviga qat’iy rioya qilish, jamoat joylarida niqobsiz yurmaslik, korxona va oliy o‘quv muassasalarida to‘liq emlashni tashkil qilish Xorijdan O‘zekistonga kelgan fuqarolarda 48 soatlik PZR testi bo‘lishi kerakligini ma’lum qilgan edi.