TOShKENT, 12 yanv — Sputnik. “Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov O‘zbekistonda Tarbiya va ta’lim vazirligini tuzish kerakligini bildirdi. Bu haqda u telegram kanalida yozdi.
“Tarbiya va ta’lim vazirligi tashkil etilib, vazirning uchta: oila va xotin-qizlar masalalariga mas’ul, bog‘chada tarbiya va boshlang‘ich ta’limni tashkil etishga mas’ul, maktabda ta’lim va tarbiyani tashkil qilishga mas’ul o‘rinbosarlari bo‘lishi taklif qilinadi”, - deyiladi xabarda.
Bu vazirlik har bir bola uchun oiladan boshlab maktabdan chiqib ketgunicha (tug‘ilganidan 18 yoshgacha) bo‘lgan davrda tarbiyasi va ta’lim sifati uchun mas’ul bo‘ladi.
Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, vazirlikka ota-onalar bilan yaqindan ishlash, ularning malakasini oshirish bilan birga, mas’uliyatsizlik uchun javobgarlikka tortishni tashabbus qilish vakolatlari ham berilishi kerak.
“Insonning ertaga qanday bo‘lishi uning bugun ko‘rgan tarbiyasiga bog‘liq”, - deya xulosa qilgan deputat.