TOShKENT, 11 yanv — Sputnik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Qozog‘istondagi voqealar yuzasidan axborot berdi.
Ta’kidlanishicha, vazirlik qo‘shni Qozog‘istondagi vaziyatni muntazam ravishda kuzatib bormoqda.
O‘zbekistonning diplomatik va konsullik muassasalari Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari vakillari bilan joylarda doimiy aloqada bo‘lib turibdi.
“Hozirda O‘zbekiston fuqarolarining hibsga olingani haqida ma’lumot yo‘q”, - deyilgan xabarda.
Qozog‘iston IIV taqdim etgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatdagi tartibsizliklardan so‘ng 9900 kishi hibsga olingan. Qozog‘iston rasmiylari mamlakatdagi tartibsizliklarda qo‘shni davlat fuqarolari ham qatnashishgani haqida ma’lum qilgan edi. Qirg‘iziston Olmaotada besh nafar fuqarosi qo‘lga olinganini rasman tasdiqlagan.