TOShKENT, 11 yanv — Sputnik. Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi Darxan Satibaldi ikki mamlakat o‘rtasida chegaralarning yopilgani haqidagi xabarlarni rad etdi, deb xabar bermoqda Sputnik muxbiri.
“Qozog‘istonning Toshkentdagi elchixonasi nomidan Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasining yopilishi haqidagi soxta xabarlarni rad etmoqchiman. Nazorat punktlari odatdagidek ishlagan va ishlamoqda. Havo qatnovi tiklanmoqda”, - dedi elchi Toshkentdagi brifingda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi tranzit va yuklarni tashish ham to‘xtatilmagan.
“Qozog‘istonda vaziyat barqarorlashgan. Mamlakat xavfsizligiga tahdidlarning oldi olindi. Aksilterror operatsiyasi doirasida jinoyatlarga aloqador shaxslarni aniqlash ishlari olib borilmoqda”, - deya qo‘shimcha qildi Darxan Satibaldi.
Qozog‘istondagi tartibsizliklar
2022 yil 2-yanvar kuni Qozog‘istonning Mang‘istau viloyatida suyultirilgan gazning narxi oshishi norozilik namoyishlarga sabab bo‘ldi. Norozilik to‘lqini boshqa shaharlarga ham tarqaldi. Qozog‘iston prezidenti gaz narxi oshishiga qarshi mitinglar vaqtida fuqarolarni ig‘volarga berilmaslikka chaqirdi. Hukumat iste’foga chiqarildi.
Biroq ko‘rilgan choralarga qaramay, zo‘ravonlikning yanada kuchayishi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ochiq qarshilikka aylandi. Ushbu harakatlar ma’muriy muassasalar, ichki ishlar bo‘limlari, tinch aholi, jumladan, tibbiyot xodimlari, o‘t o‘chiruvchilarga ommaviy qurolli hujumlar ko‘rinishida kechdi.
5 yanvar kuni Olmaotada ma’muriy va harbiy obyektlarga hujumlar uyushtirilgan, aeroport egallab olingan, yo‘lovchi va yuk samolyotlari ushlab turilgan. Olmaota shahar ichki ishlar departamenti binosi atrofidagi jang ikki kecha davom etdi.
Tartibsizliklar ortidan butun mamlakat bo‘ylab 19-yanvargacha favqulodda holat joriy etildi, aksilterror operatsiya boshlandi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum qilganlar orasida radikal islomiy guruhlar tarafida "qaynoq nuqtalar"da jangovar qatnashish tajribasiga ega bo‘lgan bor.
Respublika IIV ma’lumotlariga ko‘ra, bu voqealarda 17 nafar harbiy halok bo‘lgan, 1300 nafari yaralandi. Qurbonlarning umumiy soni aniqlanmoqda.
Prezident Qasim-Jomart Toqayev “terrorchilik tahdidini bartaraf etishda” KXShTdan yordam so‘radi.
Tashkilot tinchlikparvar kuchlarini Qozog‘istondagi vaziyatni yaxshilash uchun mamlakatga yubordi. Ularning Tinchlikparvar kuchlarining qisqa muddatda Qozog‘istonda bo‘lish davridagi asosiy vazifasi o‘ta muhim strategik obyektlarni qo‘riqlash.