Shimoliy makedoniyalik mutaxassis "Paxtakor"ning yangi bosh murabbiyi etib tayinlandi - foto

Shimoliy makedoniyalik mutaxassis Slavche Voyneski "Paxtakor"ning yangi bosh murabbiyi etib tayinlandi.
Sputnik
TOShKENT, 11 yanv — Sputnik. Toshkentning “Paxtakor” klubi boshqaruvida o‘zgarish bo‘ldi. Klub rahbariyati o‘tgan mavsum jamoani 14-chempionlik sari yetaklagan gollandiyalik mutaxassis Piter Xuistra bilan shartnomani uzaytirmadi. Uning o‘rnini Shimoliy makedoniyalik mutaxassis Slavche Voyneski egalladi.
47 yoshli murabbiy “Paxtakor” klubi bilan 2022-yilning oxiriga qadar mo‘ljallangan shartnomaga imzo chekdi. Bitim tomonlarning xohishi bilan mavsum davomida uzaytirilishi mumkin.
Voyneski Shimoliy Makedoniyada turli yosh toifasidagi terma jamoalarda uzoq muddatli faoliyati bilan tanilgan. U 1999-2004-yillar oralig‘ida o‘smirlar va yoshlar terma jamoasida ishlagan. 2004-09-yillarda esa milliy terma jamoada yordamchi murabbiy sifatida mehnat qilgan.
Asosan tajribali murabbiylar Srechko Katanes va Drago Kanatlarovskiga yordam bergan. Shundan keyin Turkiyada “Yelazigspor”, “Genchlerbirligi”, “Gaziantepspor” hamda “Rizespor” klublari murabbiylar shtabida faoliyat olib borgan. 2019-yilda Slovakiyaning “Sered” klubida bosh murabbiy sifatida ishlagan. U yoshlar bilan ishlash tizimini yaxshi yo‘lga qo‘yishi orqali tanilgan.
13 yanvar kuni "Paxtakor"ning yangi bosh murabbiyi Slavche Voyneski bilan tanishtirish marosimi va matbuot anjumani o‘tkaziladi.