Ayrim oziq-ovqat mahsulotlari uchun QQS imtiyozlari yana 4 oyga uzaytiriladi

O‘simlik yog‘i, go‘sht, kartoshka 2022-yil 30-aprelga qadar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinishi kutilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 11 yanv — Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar ayrim mahsulotlarga berilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) imtiyozi uzaytirilishiga qaratilgan qonun loyihasini birinchi va ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqib qabul qilishdi. Bu haqda deputat Rasul Kusherbayev o‘zining telegram kanalida xabar berdi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, 2021-yil 1-maydan 2022-yil 30-aprelga qadar bo‘lgan davrda quyidagilar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi:
respublikaga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek, soya danagini olib kirish;
o‘simlik yog‘ini (paxta yog‘idan tashqari) ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma;
go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yishdan olingan mahsulotlarni, kartoshkani hamda muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma, shuningdek, ularni olib kirish.
Depututning yozishicha, ushbu qonunni qabul kilish davlat budjetining 800 mlrd co‘m atrofida daromadlari yo‘qolishiga olib keladi. Yo‘qotilgan summani soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish hamda alohida imtiyozlarni bekor qilish bo‘yicha takliflar hisobiga qoplash ko‘zda tutilmoqda.
Avvalroq prezident imzolagan qonun bilan 2021-yil 10-oktabrdan 31-dekabrgacha go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), kartoshka hamda muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma va O‘zbekistonga olib kirish QQSdan ozod qilingan edi.