TOShKENT, 10 yanv — Sputnik. Xalq ta’limi vazirligi maktablarda qishki ta’tilning uzaytirilishi yozgi ta’til vaqtining kechikishiga sabab bo‘lmasligini ma’lum qildi.
“Qo‘shimcha ta’til davridagi darslar (mavzular) chorak boshlanganidan so‘ng darslarga qo‘shib tig‘izlashtirilgan holda o‘tiladi. Shu bois ushbu qo‘shimcha ta’til kunlarining boshqa ta’tillarga ta’siri bo‘lmaydi”, - deyilgan xabarda.
O‘quvchilarning qishki ta’til kunlari ikki haftaga uzaytirilganligi sababli 3-chorak o‘quv kunlari 1-4-sinflarda 9 kun, 5-11-sinflarda 11 kunga qisqaradi. Shuning uchun sinf jurnallariga 24-yanvardan boshlab taqvim-mavzu reja asosida tegishli mavzular qayd etiladi.
Fan o‘qituvchilari esa 11−22-yanvar kunlariga to‘g‘ri kelgan mavzularni o‘quv yilining 3-choragi davomida tig‘izlashtirib o‘tadi va tig‘izlashtirilgan mavzular sinf jurnallariga qayd etiladi.
Avvalroq O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari uchun qishki ta’til muddati 2022-yil 24-yanvarga qadar uzaytirilgani xabar qilingan edi. Bu qaror o‘quvchilar o‘rtasida mavsumiy gripp kasalligining keskin ko‘payishining oldini olish maqsadida qabul qilingan.
Ushbu vaqt davomida o‘qituvchilar maktabda xalqaro standartlar asosida ishlab chiqarilgan Milliy o‘quv dasturlari asosida malakalarini oshirish kurslarida qatnashishadi.