“Omikron” aniqlangan shaxs bilan samolyotda birga kelganlar karantinga olingan - SSV

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari ilk "omikron" aniqlangan bemor bilan birga samolyotda 200 kishi bo‘lganini ma’lum qildi.
Sputnik
TOShKENT, 10 yanv — Sputnik. O‘zbekistonga koronavirusning omikron shtammi aniqlangan birinchi fuqaro bilan samolyotda birga kelganlarning hammasi karantinga olingan. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tayotgan matbuot anjumanida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Xolmamat Norboyev ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Sputnik muxbiri.
“Bemor bilan birga samolyotda kelgan barcha yo‘lovchilar karantinga olingan. O‘zbekiston fuqarolari uy sharoitida, chet el fuqarolari esa mehmonxona sharoitida karantinga olingan” — dedi Norboyev.
Aniqlik kiritilishicha, O‘zbekistonga bemor bilan samolyotda 200 kishi kelgan. Ularning 130 nafari O‘zbekiston fuqarolari, 70 nafar esa xorijiy fuqarolardir.
"Omikron" qayd etilgan ilk bemor 2-sonli Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. Ayni paytda uning ahvoli qoniqarli aytilmoqda.
O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni yana orta boshladi
Eslatib o‘tamiz, 9-yanvar kuni O‘zbekistonga Dubaydan kelgan xorijlik fuqaroda koronavirusning yangi omikron shtammi aniqlangani rasman ma’lum qilingan edi. "Omikron" shtammi aniqlangani sabab 15-yanvardan boshlab mamlakatda bir qator cheklovlar joriy etiladi.