TOShKENT, 10 yanv — Sputnik. Bugun O‘zbekiston hududi bo‘yicha nisbatan salqin havo massasi ta’siri saqlanib turadi. Kunduzi havo harorati +3...+8 daraja iliqni tashkil etadi, deb xabar bermoqda O‘zgidromet.
11-13 yanvar kunlari respublika hududlari bo‘yicha asosan quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat 13-yanvarda respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida ba’zi joylarda yomg‘ir, baland tog‘li hududlarda qor yog‘adi.
Respublika hududidan sovuq havo massasi asta-sekin chekinadi va hafta o‘rtasiga kelib havo harorati kechalari +3...+6 daraja iliqqacha, kunduz kunlari +9...+12 daraja iliqqacha ko‘tariladi.
14 yanvarda O‘zbekston hududiga Kaspiy dengizi hududlaridan nisbatan nam, ammo iliq havo massasi kirib keladi. Respublikaning katta qismida yomg‘ir yog‘adi, shimoliy hududlarda qorga aylanishi mumkin.
Ayrim tumanlarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Havo harorati yana +2...+4 darajaga ko‘tariladi va qish faslining o‘rtasi uchun bo‘lgan meyoriy qiymatlardan +3...+5 darajaga yuqori bo‘ladi.
Respublikaning ayrim hududlarida ba’zi joylarda tuman kuzatiladi.