TOShKENT, 9 yanv - Sputnik. Qozog‘istonda so‘nggi kunda sodir bo‘lgan tartibsizliklar oqibatida qo‘lga olinganlar soni 5969 kishiga yetdi, deb xabar qilmoqda Respublika ichki ishlar vazirligining vaziyat markazi.
Biroz oldin IIV Olma-Otadan chiqish postlarida harbiylar joylashtirilib, shaharni tark etayotgan barcha mashinalar ko‘rikdan o‘tkazilayotgani va shubhali shaxslar shtabga jo‘natilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi tomonidan berilgan so‘nggi xabarga ko‘ra 16 nafar xodim qurbon bo‘lgan. Undan tashqari tinch aholi orasida ham qurbonlar bor. Jabrlanganlar umumiy soni 1000 kishiga yaqin.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda yangi yildan so‘ng ommaviy norozilik namoyishlari boshlangan edi. Dastlab mamlakat shimolida, Mang‘istau viyalotida suyultirilgan gaz narxi oshishi sabab boshlangan norozilik namoyishlari keyinchalik Qozog‘iston janubiy viloyatlarda ommaviy tartibsizlik, bosqinchilik va terrorchilikka harakatiga aylanib ketdi.
Qurollangan to‘dalar yirik shahar markazlari, ma’muriyat binolari, telekanallarni egallab olishdi, politsiya va harbiylarga hujumlar uyushtirishdi. Magazinlarga bosqinchilik qilindi. Bunga javoban Qozog‘iston prezidenti 19-yanvarga qadar mamlkatda favqulodda vaziyat joriy etdi va KXShT a’zolaridan yordam so‘radi. Qozog‘istonga Rossiya, Belarus, Armaniston va Tojikistondan KXShT tinchlikparvar kuchlari vaqtincha kiritildi. Ularning vazifasi - muhim obyektlarni qo‘riqlash.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, Qozog‘istondagi tartibsizliklar davomida 18 nafar huquqni saqlash organlari xodimlari qurbon bo‘lgan, mingga yaqin kishi yaralangan.
Ayni damda Qozog‘istonda aksilterror operatsiya o‘tkazilmoqda. Qozog‘iston harbiylari Olma-Ota, Chimkent va boshqa viloyat markazlarida tartibsizliklarda ishtirok etgan jangarilarni qo‘lga olmoqda. Shu kunga qadar 4200dan ortiq kishi qo‘lga olingan. Ular orasida chet el fuqarolari ham bor.