TOShKENT, 8 yanv - Sputnik. Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi yangi imzolangan "Sibir kuchi-2" gaz quvuri qurish shartnomasidan Yevropa xavotirga tushdi, Britaniyaning Telegraph nashri sharhlovchisi Reychel Millard.
Sharhlovchi aytishiga ko‘ra, Moskva va Pekin orasida imzolangan Osiyoga gaz yetkazib berishni ikki baravar oshirish to‘g‘risidagi shartnomani “Shimoliy oqim-2”ning muhokamasi bilan band bo‘lgan Brussel va London tomonidan payqalmay qolgan. Vaholanki ushbu loyiha Moskvaning jahon bozorlariga ta’sir qilish imkoniyatini yanada oshiradi, Yevropaning energetik mustaqilligiga esa jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.
Yangi shartnoma bo‘yicha rejalashtirilayotgan quvur Xitoyga yiliga 50 milliard kub metr yoqilg‘i ekvivalenti yetkazib berish quvvatiga ega bo‘ladi. Xom-ashyo Sharqiy Sibirdagi konlardan olinadi, yangi quvurga Yevropaga gaz jo‘natilayotgan Yamal mintaqasi konlari ham ulanishi mumkin.
"Bu esa kelajakda bir qator savollar paydo bo‘lishiga olib keladi. Moskva har ikkala tomon talablarini qondirish uchun yetarli resurslarga ega bo‘lsada, gaz uchun qimmatroq narx to‘laydigan xaridorni ma’qul ko‘rishi mumkin", - deb yozadi ICIS tahlilchisi Tomas Marzes-Manser.
Xitoy, Yevropadan farqli o‘laroq, neft narxiga bog‘liq bo‘lgan uzoq muddatli shartnomalar bo‘yicha katta hajmdagi gaz sotib oladi. Yevropa Kengashining tashqi aloqalar bo‘yicha tahlil markazi vakili Filipp Medunik Brusselni bu qish kabi xomashyo tanqisligini boshdan kechirmaslik uchun gaz yetkazib berish bo‘yicha “to‘g‘ri kelishuvlar” tuzishga chaqirdi.
"Sibir kuchi-2" - Sibirdagi konlar va Xitoyning g‘arbiy qismidagi Shinjon-Uyg‘ur avtonom okrugi o‘rtasida qurish rejalashtirilgan gaz quvuri bo‘lib, uning loyiha quvvati yiliga 50 milliard kub metrni tashkil qiladi. Magistral qurilishini 2024-yilda boshlash rejalashtirilgan.