TOShKENT, 8 yanv — Sputnik. Qozog‘istonda norozilik namoyishlarida qatnashgan 4 266 kishi qo‘lga olindi.
IIVning dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Olmaota viloyati qishloqlaridan birida 100 nafardan ortiq xorijlik qo‘lga olindi, ular qo‘shni davlat fuqarolari.
"Qo‘lga olinganlar orasida - chet el fuqarolari. Politsiyaga 4 266 kishi olib kelindi. Olmaota viloyati qishloqlaridan birida yuzdan ortiq kishi qo‘lga olindi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ular qo‘shni davlat fuqarolari", - deyilgan IIV xabarida.
Shuningdek, Jambil viloyatidagi aholi punktida qurol-yarog‘ saqlangan (avtomat va to‘pponchalar) yashirin ombor topildi.
Qozog‘istondagi tartibsizliklar
Qozog‘istonda ommaviy norozilik namoyishlari 2022-yilning dastlabki kunlarida boshlandi. O‘shanda mamlakat g‘arbidagi Janaozen va Oqtau shaharlari aholisi suyultirilgan gaz narxining ikki baravar oshishiga qarshi chiqdi, keyinchalik norozilik namoyishlari boshqa shaharlarga ham tarqaldi.
Keyinroq boshqa shaharlarda ham odamlar ko‘chaga chiqdi, Qozog‘iston kuchishlatar tizim xodimlari bilan bir necha bor to‘qnashuvlar bo‘ldi, har tomondan jabrlanganlar bor.
Voqealar ishtirokchilari - ularni hukumat jangari yoki terrorchi deb atamoqda, ma’muriy binolar va politsiya bo‘limlariga bostirib kirishga bir necha bor urinishdi, ular qaytarildi. BMTning ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlar chog‘ida mingga yaqin kishi yaralandi. Respublika IIV 18 nafar kuchishlatar xodimi halok bo‘lganini ma’lum qildi.
19 yanvarga qadar butun Qozog‘iston hududida favqulodda holat joriy etildi, hukumat aksiya qo‘zg‘atuvchilardan maydonlarni tozalamoqda.
Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev hukumatni iste’foga chiqardi va yoqilg‘i sotish narxlarini tartibga solish haqida ko‘rsatma berdi, ammo g‘alayonlar davom etdi. Prezident Xavfsizlik kengashi rahbari bo‘ldi, uning birinchi yig‘ilishida Qozog‘istondagi vaziyatni “davlat yaxlitligiga putur yetkazuvchi” dedi va yordam so‘rab KXShTga murojaat qilganini aytdi.
Tartibsizliklar vaqtida tashkilot a’zolari respublikaga kollektiv tinchlikparvar kuchlarni jo‘natdi. Rossiya, Qirg‘iziston, Armaniston, Belarus va Tojikiston Qozog‘istonga yordam beradi. Tinchlikparvar qo‘shinlarning vazifalari - ma’muriy va diplomatik binolarni qo‘riqlash va mahalliy harbiylarga qonuniy tartibni saqlashga ko‘maklashish. Birlashgan qo‘shin harakatlariga Rossiya Havo-desant kuchlari qo‘mondoni, general-polkovnik Andrey Serdukov rahbarlik qilmoqda.