Avtomobilni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda yig‘im undirilmaydi

Avtotransport vositalarini davlat ro‘yxatidan va qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda yig‘im undirilmasligi belgilandi.
Sputnik
TOShKENT, 8 yanv — Sputnik. 2022 yil 1-yanvardan boshlab avtotransport vositalarini davlat ro‘yxatidan va qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda yig‘im undirilmasligi belgilandi.
2021 yil 30-dekabr kuni “2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat budjeti to‘g‘risidagi” 742-sonli Qonuni qabul qilinib, 2022-yilda undiriladigan ayrim to‘lov stavkalariga o‘zgartirishlar kiritildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 29-dekabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining Soliq Kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 741-son Qonuni qabul qilinib, Soliq kodeksining 460-moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Endilikda ushbu qonunlar bilan kiritilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalarga muvofiq 2022-yil 1-yanvardan boshlab avtotransport vositalarini davlat ro‘yxatidan va qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda yig‘im undirilmasligi belgilandi, deb ma’lum qildi IIV YHXBB axborot xizmati.