Birinchi yanvardan boshlab talab qilinmaydigan hujjatlar ro‘yxati

Yangi yilning 1-yanvaridan boshlab davlat organlari tomonidan aholi va tadbirkorlardan qator guvohnoma va litsenziyalarni talab qilish bekor qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 4 yanv – Sputnik. 2022 yilning 1-yanvardan boshlab davlat organlari tomonidan aholidan va tadbirkorlik subyektlaridan 6269-sonli prezident farmoniga asosan talab qilish bekor qilingan hujjatlar va ma’lumotlar ro‘yxati e’lon qilindi. Bloger Xushnudbek ma’lumotiga asosan.
Talab qilish bekor qilingan hujjatlar va ma’lumotlar:
tadbirkorlik subyekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma ma’lumotlarini;
litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va xabarnomalar qabul qilinganligi to‘g‘risida tasdiqnoma mavjudligi bo‘yicha ma’lumotlarni;
davlat boji, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar to‘langanligi to‘g‘risida ma’lumotlarni;
qimmatli qog‘ozlar, qimmatli qog‘ozlar bilan amalga oshirilgan operatsiyalar, dividendlar olinganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni;
kam ta’minlangan oila yoki oila a’zosi sifatida ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risida ma’lumotlarni;
jismoniy shaxslar tomonidan to‘langan va olingan alimentlar to‘g‘risida ma’lumotlarni;
oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom ma’lumotlarini;
jismoniy shaxs o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqida ma’lumotlarni;
jismoniy shaxs umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) muassasasini tugatganligi haqida ma’lumotlarni;
fuqaro “Yoshlar daftari” yoki “Ayollar daftari”da mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotlarni;
o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar to‘g‘risida ma’lumotlarni;
oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlarning imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjat to‘g‘risida ma’lumotlarni;
moliyaviy hisobotlar nusxalarini;
jismoniy shaxslarning oxirgi 12 oydagi ish haqini tasdiqlovchi ma’lumotnomalarni;
ijtimoiy nafaqa va pensiyalar to‘langanligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni.
Davlat organlari va tashkilotlari jismoniy shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda, ishga qabul qilish jarayonida va boshqa ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirishda yuqoridagi hujjat va ma’lumotlarni belgilangan mas’ul davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab oladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda davlat boshqaruvi va iqtisodiyotning barcha sohalarida qog‘ozbozlikni kamaytirish, raqamli platformalarga o‘tishga jidiy kirishilgan. Bu borada O‘zbekiston Rossiya va dunyoning boshqa davlatlari bilan keng ko‘lamli hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda. 2022-yilda Yagona interaktiv davlat xizmatlar ulushini 60%ga yetkazish belgilangan.