TOShKENT, 3 yanv - Sputnik. Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Fransiya va AQSh yetakchilari yadro quroliga ega davlatlar orasida urushning oldini olish maqsadida qo‘shma bayonot e’lon qilishdi. RIA Novosti xabariga asosan.
Unda qayd etilishicha, yadroviy beshlik mamlakatlari strategik xavflarni kamaytirishni o‘z mas’uliyati deb biladi.
"Biz yadroviy urushda hech kim g‘olib bo‘lishi mumkin emasligini va bunga hech qachon yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini e’lon qilamiz. Chunki Yadro qurolidan foydalanish - uzoq muddatli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Biz shuningdek, yadro quroli mavjud ekan, u faqat mudofaa maqsadida, tajovuzlarni to‘xtatish va urushning oldini uchun xizmat qilishi kerakligini yana bir bor tasdiqlaymiz. Va biz bunday qurollarning tarqalishini oldini olish kerak, deb hisoblaymiz", - deyiladi yadroviy beshlik bayotnotida.
Bundan tashqari, yadroviy davlatlar yadroviy qurollarni tarqatmaslik, qurolsizlantirish va nazorat qilish bo‘yicha ikki va ko‘p tomonlama kelishuvlarga rioya qilish muhimligini yana bir bor tasdiqladilar.
"Biz har birimiz yadro qurolidan ruxsatsiz yoki qasddan foydalanishning oldini olish bo‘yicha milliy chora-tadbirlarimizni saqlab qolish va yanada kuchaytirish niyatidamiz. Biz oldingi aytilgan yadro qurollarimiz bir-biriga yoki boshqa hech qanday nishonga qaratilmaganligi haqidagi bayonotlarimizning dolzarbligini yana bir bor tasdiqlaymiz" , - deyilgan bayonotda.
Beshta yadroviy davlat rahbarlari kelajakda yadro qurolidan xoli bo‘lgan dunyo qurish uchun barcha davlatlar bilan hamkorlik qilish intilishlarin ta’kidladilar.
“Biz harbiy qarama-qarshilikning oldini olish, kelajakka ishonchni kuchaytirish, o‘zaro tushunish va ishonchni oshirish, hech kimga foyda keltirmaydigan qurollanish poygasini oldini olish maqsadida, kelajakda ikki va ko‘p tomonlama diplomatik yondashuvlar izlashda davom etamiz. Biz o‘zaro hurmat va o‘zaro manfaatlarni hamda xavfsizlik borasidagi o‘zaro bezovtalikni tan olish maqsadida konstruktiv suhbat qurishga tayyormiz", - deb qayd etilgan yadroviy davlatlar bayonotida.
Rossiya tashqi ishlar vazirligining maxsus vakili Mariya Zaxarova aytishiga ko‘ra, ushbu hujjat 4-yanvar kuni Nyu-Yorkda ochilishi kerak bo‘lgan Yadroviy Qurolni Tarqatmaslik shartnomasi tashkiloti davlatlarining X Anjumani ochilishida e’lon qilinishi kerak edi. Lekin epidemiologik vaziyat tufayli anjuman qoldirildi. Lekin yadroviy davlatlar ushbu bayonotni e’lon qilishni ma’qul ko‘rishdi.
Bayonotning e’lon qilinishi Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan o‘tkazish taklif qilinayotgan yadroviy beshlik davlatlari, BMTning doimiy a’zolari sammiti o‘tkazishni inkor qilmaydi, dedi prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov.