O‘zbekistonda noqonuniy daraxt kesilishi haqida xabar berganlarga pul to‘lanadi

2022 yil 1-apreldan daraxtlarning noqonuniy kesilishi haqida surat va video taqdim etgan shaxslar rag‘batlantiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 1 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda noqonuniy daraxt kesish holatlarini foto va videotasvirga olib jo‘natgan fuqarolarga pul to‘lanadi. Bu prezident imzolagan “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda belgilangan.
Jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida 2022-yil 1-apreldan boshlab daraxt, buta, o‘simlik va nihollarni qonunga xilof kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, boshqa joyga ko‘chirib o‘tqazish bo‘yicha huquqbuzarliklar haqida fotosurat va videoyozuvlarni taqdim etgan shaxslarga pul to‘lanadi.
Fuqarolar har bir tasdiqlangan holat bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining (2022 yil 1-yanvar holatiga ko‘ra BHM miqdori 270 ming so‘m) bir baravariga teng mablag‘ bilan rag‘batlantiriladi.
Bunda:
mablag‘ huquqbuzardan undirilgan jarima hisobidan to‘lanadi;
faqat birinchi xabar bergan shaxs rag‘batlantiriladi;
surat, videolarni taqdim etganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar oshkor qilinmaydi;
xabarlar “102” tezkor qisqa raqami yoki “Ekonazorat” axborot tizimi orqali qabul qilinadi.
Avvalroq daraxtlar kesilishiga moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgani xabar qilingan edi.

Mavzuga oid

Tabiatga zarar yetkazganlik haqida xabar bergan o‘zbekistonliklar pul mukofoti oladi
Korrupsiyaga qarshi kurashga munosib hissa qo‘shganlar davlat mukofotiga tavsiya etilishi mumkin
Soliqqa oid huquqbuzarliklarni aniqlashda yordam berganlarni rag‘batlantirish taklif qilindi