TOShKENT, 1 yanv — Sputnik. 2022 yilda iqtidorli o‘qituvchi va shifokorlarning ish haqlari oshirilishi kutilmoqda. Bu jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan “Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risidagi” prezident farmonida ko‘zda tutilgan.
Taraqqiyot strategiyasida ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida 2022-yilda iqtidorli o‘qituvchi va shifokorlarning ish haqlarini malaka toifasiga qarab tabaqalashtirilgan holda quyidagi miqdorlarda qo‘shimcha oshirish rejalashtirilgan:
oliy toifali o‘qituvchilar uchun – kamida 15 foizga;
birinchi toifali o‘qituvchilar hamda oliy va birinchi toifadagi shifokorlar uchun – kamida 10 foizga;
ikkinchi toifali o‘qituvchi va shifokorlar uchun – kamida 5 foizga.
Xalq ta’limi vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-iyulga qadar o‘qituvchi va shifokorlarga malaka toifalarini berish tartibining tubdan qayta ko‘rib chiqishi zarur. Bunda xalqaro ekspertlarni jalb etiladi.
Bundan tashqari, malakani baholash uslubiyoti asosida adolatli va shaffof tizimini joriy etish bo‘yicha qaror loyihasi Vazirlar mahkamasiga kiritilishi kerak.