Putin Shavkat Mirziyoyevni Yangi yil bilan tabrikladi

Rossiya yetakchisi 2022-yilda Moskva va Toshkent o‘rtasidagi yaqin hamkorlikdagi ishlar davom etishiga umid bildirgan.
Sputnik
TOShKENT, 30 dek – Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘zbekistonlik hamkasbi Shavkat Mirziyoyevni kirib kelayotgan Yangi yil bilan qutladi.
Rossiya yetakchisi tabrik maktubida 2022-yilda Moskva va Toshkent o‘rtasidagi dolzarb masalalar bo‘yicha samarali muloqot va yaqin hamkorlikdagi ishlar davom etishiga umid bildirgan.
“Bu, shubhasiz, do‘st Rossiya va O‘zbekiston xalqlarining tub manfaatlariga javob beradi, Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga mos keladi”, — deyiladi Kreml saytida chop qilingan tabrik matnida.
Shuningdek, Putin Shavkat Mirziyoyevning noyabr oyidagi Moskvaga tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik mustahkamligini tasdiqlaganini qayd etgan. Ikki davlat rahbarlarining muzokaralari hamkorlikning yangi istiqbollarini belgilash imkonini bergan.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev prezident etib qayta saylangandan keyin birinchi davlat tashrifini Rossiyaga amalga oshirgan edi. Shavkat Mirziyoyev Kremlda Vladimir Putin bilan uchrashdi. O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari uchrashuvi yakunlariga ko‘ra 18 ta hujjat imzolandi.