TOShKENT, 28 dek – Sputnik. Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi O‘zbekiston fuqarolarini noqonuniy yo‘llar bilan AQShga yuborishga bo‘lgan urinishning oldini oldi.
DXX matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Samarqand tumanida yashovchi, 1985 va 1991-yillarda tug‘ilgan 2 nafar shaxs Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi ikki kishiga ularni Amerikaga yuborishni va’da qilishgan. Buning evaziga ularning har biridan 30 mingdan, jami 60 ming dollar talab qilishgan.
Tezkor tadbirda ular oldindan 20 ming dollar olgan vaqtlarida ushlangan.
Aniqlanishicha, fuqarolarni "O‘zbekiston-Turkiya-Boliviya-Kolumbiya-Meksika-AQSh" yo‘nalishi orqali Shtatlarga yuborish rejalashtirilgan.
Shuningdek, chuv tushgan fuqarolarga yo‘lga chiqishdan avval PZR-test ma’lumotnomasiga va hisobida 4 ming dollar bo‘lgan VISA-kartaga ega bo‘lishlari kerakligi tushuntirilgan. Har bir davlat hududida ularni kuzatib qo‘yuvchi shaxslarning talablarini, jumladan, Amazonka darosining Kolumbiyadan oqib o‘tuvchi qismidan va Meksikaning o‘rmonlaridan o‘tib olish bo‘yicha talablarini bajarishlari zarurligi aytilgan.
Bundan tashqari, tadbir davomida hibsga olingan shaxslarda 60 nafardan ortiq fuqarolarning pasport nusxalari borligi ham aniqlandi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.