Malginov: Moskva va Toshkent Afg‘onistondagi vaziyat sabab harbiy aloqalarni faollashtirdi

Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi ikki mamlakatning afg‘on mojarosini tartibga solishdagi pozitsiyalari o‘xshash ekanini ta’kidladi.
Sputnik
TOShKENT, 28 dek – Sputnik. Rossiya va O‘zbekiston mudofaa idoralarining aloqalari Afg‘onistondagi vaziyat keskinlashi ortidan faollashdi. Bu haqda Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Oleg Malginov ma’lum qildi.
“Mamlakatlarimizning afg‘on mojarosini tartibga solishdagi pozitsiyalari o‘xshash. “Islom davlati”*, boshqa terrorchilik guruhlari o‘z faoliyatlarini to‘xtatishmayapti, narkotik ishlab chiqarish va kontrabandasi muammosi ham dolzarbligicha qolmoqda. Shu bois mudofaa idoralarining muntazam aloqalari o‘ta muhim”, - dedi Malginov 2021-yil yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida.
Elchi aprel oyida Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu O‘zbekistonga tashrif buyurgani va uning doirasida ikki mamlakat o‘rtasida harbiy sohada 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan strategik sheriklik dasturi imzolanganini eslatdi.
Malginov ikki davlat harbiy xizmatchilari Surxondaryo va Samarqand viloyatlaridagi o‘zbek-rus mashg‘ulotlarida o‘zaro tajriba va malaka bilan almashishganini qayd etdi.

Toliblarning Afg‘oniston hukumatini egallab olishi

Avgust oyi o‘rtalarida "Tolibon"** a’zolari mamlakat poytaxti Kobulga bostirib kirib, prezident saroyini egallab olishdi.
31 avgustga o‘tar kechasi AQSh harbiylari Kobul aeroportini batamom tark etishdi va bu bilan Afg‘onistondagi qariyb 20-yillik amerika kampaniyasi o‘z yakuniga yetdi.
Toliblar Afg‘onistonning muvaqqat hukumati tarkibini e’lon qildi.
Muvaqqat hukumatni "Tolibon"* birinchi bor hukumat tepasiga kelganida TIV rahbari kursisini egallagan va hozirga qadar BMT sanksiyalari ostida qolib kelayotgan Muhammad Hasan Oxund boshqarishi ma’lum bo‘ldi.
* Rossiya va qator davlatlarda taqiqlangan terrorchilik tashkiloti
** Tashkilot terrorchilik faoliyati uchun BMT sanksiyalari ostida.