Toshkent metropoliteni Rossiyadan yana 14ta poyezd sotib oladi

Toshkent metropoliteni Rossiyaning "Metrovagonmash" zavodidan yana 14ta tarkib xarid qilishni rejalashtirgan.
Sputnik
TOShKENT, 27 dek - Sputnik. Toshkent metropoliteni yangi yilda Rossiyaning "Metrovagonmash" korxonasidan yana 14ta tarkib xarid qilishni rejalashtirgan. Bu haqida kompaniya matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, Toshkentda metropolitenida 2021-yilda yo‘lovchilar soni sezilarli darajada oshgan. Xususan, 2020-yil hisobida "Toshkent metropoliteni"da kunlik yo‘lovchi tashish o‘rta hisobda 250-300 mingni tashkil etgan bo‘lsa hozirgi kunga kelib 380-420 ming yo‘lovchini tashkil etmoqda.
Ushbu munosabat bilan, Toshkent metropoliteni yo‘lovchilar soni ko‘p bo‘lgan vaqtlarda poyezdlar qatnovi oraliq intervalini qisqartirgan. Xususan:
"Chilonzor" yo‘nalishida - 3 daqiqagacha;
"O‘zbekiston" yo‘nalishida - 4 daqiqagacha;
"Yunusobod" yo‘nalishida - 7 daqiqagacha.
Undan tashqari, o‘tgan davr mobaynida Rossiya Federatsiyasining "Metrovagonmash" korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan, umumiy qiymati 91,3 million Yevro bo‘lgan 60 ta vagondan iborat 15 ta zamonaviy harakat tarkibi olib kelingan edi.
Rossiya poyezdlarini O‘zbekistonga yetkazib berish "VEB.RF" Rossiya davlat korporsiyasi va Roseksimbankning kreditlari va O‘zbekiston davlat budjeti mablag‘lari asosida amalga oshirlmoqda.