TOShKENT, 27 dek – Sputnik. Joriy yilda yilda 9070 dona “Prezident sovg‘asi”dan tarkib topgan sovg‘alar tayyorlanib, hududlarga yuborildi.
Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yil so‘ngida an’anaga ko‘ra respublika bo‘ylab Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, ota-ona qarovisiz qolgan bolalar, ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan bolalar uchun “Prezident archasi” tadbiri o‘tkaziladi.
12 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun tayyorlangan “Prezident sovg‘asi” tarkibiga shirinliklar, o‘quv qurollari va Bolalar ensiklopediyasidan iborat 21 turdagi sovg‘alar kiritilgan.
Shuningdek, joriy yilda Mehribonlik uylari, Bolalar shaharchalari, Oilaviy bolalar uylari hamda SOS bolalar mahallalarining 12 yoshdan katta bo‘lgan 980 nafar tarbiyalanuvchi uchun zamonaviy planshet ham sovg‘alar tarkibiga kiritildi.
O‘zbekiston prezidentining bayram tabrigi hamda sovg‘alari hududiy hokimliklar ishtirokida joriy yilning 29-30 dekabr kunlari o‘tkaziladigan Prezident archasi tadbirlarida bolalarga tantanali topshiriladi.