TOShKENT, 27 dek – Sputnik. O‘zbekistonda 27-dekabrdan boshlab yangi 50 ming va 100 ming so‘mlik kupuralar muomalaga chiqarildi. Ular suratini Markaziy bank matbuot xizmati telegram kanaliga joyladi.
Dekabr boshida O‘zbekistonda yangi ko‘rinishdagi 50 ming va 100 ming so‘mlik banknotalar chiqarilishi to‘g‘risida xabar paydo bo‘lgan edi. Dekabr o‘rtalarida Markaziy bank yangi ko‘rinishdagi nominal qiymati 50 ming so‘m va 100 ming so‘m bo‘lgan banknotalar dizaynini ommaga ko‘rsatdi va ular 22-dekabrdan muomalaga chiqarilishini ma’lum qildi.
Biroq 17-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda yangi 50 ming so‘mlik banknota dizaynida xatolikka yo‘l qo‘yilgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Markaziy bank esa xatolikka yo‘l qo‘yilganini tan oldi. 50 ming so‘mlik banknot namunasining old tomonida Al-Hakim at-Termiziy maqbarasi tasviri tushirilgani, ammo maqbara nomi Abu Iso at-Termiziy deb yozilgan. Yangi 50 ming so‘mlik banknotdagi maqbara nomi to‘g‘rilangan.