TOShKENT, 26 dek – Sputnik. O‘zbekistonda fuqaro pasportining raqamli profili Gov Pass mobil ilovasi ko‘rinishida joriy qilinadi. Bu haqda 24-dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga ko‘rsatilgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlantirishga oid loyihalar taqdimotida ma’lum qilindi.
Gov Pass mobil ilovasi smartfonga o‘rnatiladi. Unda pasport, diplom, mehnat daftarchasi, haydovchilik guvohnomasi kabi ko‘plab hujjatlar jamlanadi.
“Ya’ni, fuqaroning barcha hujjatlari doim yonida, telefonda bo‘ladi. Bu vaqt va pulni tejab, qog‘ozbozlikni kamaytirishga xizmat qiladi, ovoragarchiliklarni bartaraf etadi”, - deyilgan prezident matbuot xizmati xabarida.
Prezident yangi texnologiyalar, avvalo, odamlarga xizmat qilishi, qulaylik yaratishi zarurligini ta’kidladi.
Kelgusi yilda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar ulushi 60 foizga yetkazilishi belgilandi.