Jahongir Ortiqxo‘jayev uchta tuman hokimlarini jazoladi

Toshkent hokimi tumanlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reytingiga ko‘ra uch tuman hokimlariga intizomiy jazo qo‘lladi. Yana uch tuman hokimlari rag‘batlantirildi.
Sputnik
TOShKENT, 26 dek – Sputnik. Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev tumanlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reytingiga ko‘ra qator tuman hokimlariga intizomiy jazo qo‘llash va rag‘batlantirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
“Yaxshi” baholangan Mirobod tumani hokimi Shuxrat Po‘latov, Bektemir tumani hokimi Tapil Mahamadziyayev va Yangihayot tumani hokimi Hayot Inog‘omov, ularning o‘rinbosarlari hamda sektor rahbarlari maoshiga 30 foiz ustama mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manba mablag‘lari hisobidan olishdi.
Shuningdek, “qoniqarsiz” baholangan Shayxontohur tumani hokimi Abduqahhor To‘xtayev, Uchtepa tumani hokimi Farhod Abdullayev va Sergeli tumani hokimi Elbek Shukurov, ularning o‘rinbosarlari hamda sektor rahbarlariga nisbatan oylik ish haqidan 30 foiz jarima jazosi qo‘llanilgan.
Jahongir Ortiqxo‘jayev sentabr oyida Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shavkatbek Irgashevga, Yunusobod tumani hokimi Jahongir Ibrohimovga va Yangihayot tumani hokimi Hayot Inog‘omovga nisbatan birinchi yarim yillikda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlari kamaytirgani uchun hayfsan bergan edi.