TOShKENT, 26 dek – Sputnik. Buxoro viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi 2021/2022-o‘quv yili uchun "Yoshlik" jismoniy tarbiya va sport jamiyatiga a’zolikka qabul qilish va a’zolik badallarini yig‘ish to‘g‘risida majburiy xarakterda bo‘lgan buyruq qabul qilgan. Bu viloyat prokuraturasi o‘tkazgan tekshiruvda aniqlandi.
Ma’lum qilinishicha, buyruq ilovasida 2021−2022 o‘quv yili uchun jami 1,22 milliard so‘m a’zolik badallari yig‘ish ham ko‘zda tutilgan. Xususan, buyruq ilovasida 169 339 nafar o‘quvchilardan 914,4 mln so‘m va 28 488 nafar pedagog xodimlardan 307,6 mln so‘m a’zolik badallarini yig‘ish reja-grafigi tasdiqlangan.
Viloyat prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan auditorlik tekshiruvi doirasida 10-dekabr kuni buyruq bekor qilingan. Boshqarma boshlig‘i qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida rasman ogohlantirilgan.
“Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, a’zolik badallarini to‘lash ixtiyoriy bo‘lib, har qanday majburiy to‘lov undirilishi qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi”, — deyilgan xabarda.