TOShKENT, 25 dek — Sputnik. Amur viloyati sudi tomonidan “Islom davlati”* xalqaro terrorchilik tashkiloti g‘oyalarini targ‘ib qilishda aybdor deb topilgan xorijlik 12-yilga ozodlikdan mahrum qilindi, deb xabar berdi Rossiya FXXning Amur viloyati bo‘yicha boshqarmasi matbuot xizmati. RIA Novosti.
FXX xodimlari Amur viloyatida 2020-yil iyul oyida chet el fuqarosini qo‘lga olishgandi, unga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 205.1-moddasi 1.1-qismi (shaxsni terrorchilik jinoyatlar sodir etishga undash, yollash yoki boshqa usullar bilan jalb qilish), 205.2-moddasi 2-qismi (terrorchilik faoliyatini amalga oshirishga ommaviy chaqiriqlar) va 280-moddasi 2-qismi (ekstremistik faoliyatni amalga oshirishga ommaviy chaqiriqlar, shu jumladan internetdan foydalangan holda) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Aniqlanishicha, ayblanuvchi zo‘ravon qurolli harakatlarga chaqiriqlarni tarqatgan va Amur viloyatida ekstremistik guruh yaratishga uringan.
Yollovchining asosiy vazifalari xalqaro terroristik tashkilot a’zolari tomonidan amalga oshirilayotgan terrorchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, unga viloyat aholisi va xorijiy mehnat migrantlarini xorijdagi jangovar harakatlarda qatnashish uchun jalb qilish bo‘lgan.
“1-Sharqiy okrug harbiy sudining hukmi bilan chet el fuqarosi Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 205.1-moddasi 1.1-qismi, 205.2-moddasi 2-qismi, 280-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga 12-yil ozodlikdan mahrum qilish, jazoni qattiq rejimli koloniyada o‘tash, dastlabki 4-yilida qamoqda saqlash, 3-yil muddatga “internet” tarmog‘iga kirish huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlandi,” – deyilgan FXXning Amur viloyati bo‘yicha boshqarmasi xabarida.
* Rossiya va qator davlatlarda taqiqlangan terrorchilik tashkiloti.