TOShKENT, 24 dek - Sputnik. Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida Qozog‘iston Respublikasi Turkiston viloyati va O‘zbekiston Respublikasi Sirdaryo viloyati yoshlarining "Do‘stlik ko‘prigi" forumi boshlandi.
Qozog‘istonlik mehmonlar dastlab Toshkent shahridagi "Yangi O‘zbekiston" bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gullar qo‘yishdi.
Shundan so‘ng mehmonlar Guliston shahriga yetib kelishdi. Bu yerda qo‘shni respublika yoshlari katta tantana bilan kutib olindi. Marosimda Sirdaryo va Turkiston viloyatlari rahbarlari yoshlarining o‘zaro do‘stlik va hamkorlik aloqalarini rivojlantirish haqida nutq so‘zlashdi.
Marosim davomida Sirdaryo musiqali drama teatrida o‘zbek-qozoq san’ati namunalaridan tuzilgan konsert namoyish etildi.
Shundan so‘ng iste’dodli yosh ijodkorlar ikki millat xalqi ijodidan mushoira uyushtirib, baxshichilikda do‘stona bellashdilar. Yoshlar forumning dastlabki kuni haqidagi o‘z taassurotlari, fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Qozog‘istonlik yoshlarga Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev nomilan “Do‘stlik” forumi statuetkasi va esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Forum davom etmoqda.