TOShKENT, 23 dek- Sputnik. O‘zbekistonga yuborilayotgan xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalarni bojxona nazoratidan o‘tkazish tartibi o‘zgardi. Bu haqida Hukumatning 21-dekabr kuni qabul qilingan 767-sonli qarorida aytib o‘tilgan.
Ushbu qaror bilan xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalarini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, xalqaro pochta jo‘natmalariga ishlov berish, ularni bojxona organlari tomonidan nazorat qilish xalqaro pochta almashinuvi joylarida amalga oshiriladi. Xususan:
temir yo‘l va avtomobil transporti orqali yetkazishda – maxsus belgilangan bojxona postlarida;
havo transporti orqali yetkazishda – xalqaro aeroportlar yoki ularga yaqin hududlarda joylashgan bojxona postlarida amalga oshiriladi;
pochta xodimlari tomonidan transport tashkilotlari vakillariga jo‘natmalar topshirilishi bojxona organining mansabdor shaxsi ishtirokida amalga oshiriladi;
keltirilgan jo‘natmalar pochta aloqasi operatorlari va provayderlari tomonidan bojxona organining mansabdor shaxsi ishtirokida ochiladi.
Jo‘natmalar orqali yuborilgan tovarlar bo‘yicha bojxona to‘lovlari vakolatli shaxs tomonidan to‘lanadi.
Yuqorida keltirilgan Nizom qoidalari yozma xat-xabarlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.