TOShKENT, 23 dek – Sputnik. O‘zbekiston Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-mayor Rustam Jo‘rayev Rossiyaga rasmiy tashrif bilan bordi.
Milliy gvardiya matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Rosgvardiya rahbari Viktor Zolotov bilan uchrashuvda xavfsizlik masalalari va kadrlar tayyorlash sohasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash hamda rivojlantirish muhimligi alohida ta’kidlandi.
“Jamoat xavfsizligini ta’minlash va harbiy kadrlar tayyorlash sohasida o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan va 2022-yilga mo‘ljallangan Hamkorlik rejasi imzolandi”, - deyilgan xabarda.
Delegatsiya a’zolari Moskva shahridagi Rosgvardiya Bosh boshqarmasida ham bo‘lib, unda bo‘linmalarning jangovar-xizmat faoliyati, texnika va qurol aslahalari, shuningdek, tezkor maxsus otradining ko‘rgazmali chiqishi bilan tanishdilar.
O‘zbekiston Milliy gvardiyasi tashkil etilganidan keyin birinchilardan bo‘lib Rossiya Milliy gvardiyasi bilan o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. 2018-yilda ikki mamlakat Milliy gvardiyalari qo‘shinlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolangandi.