TOShKENT, 22 dek - Sputnik. "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ yuridik shaxslardan quyosh energiyasi sotib olishni boshladi, deb xabar qilmoqda jamiyat matbuot xizmati.
Birinchi ana shunday shartnoma, D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent filiali bilan imzolandi.
Ma’lum bo‘lishicha, oliygohda umumiy quvvati 100 kVt quvvat bo‘lgan akkumulyatorsiz quyosh elektr stansiyasi o‘rnatilgan. Bugungi kunda quyosh elektr stansiyasi orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasi universitet ehtiyojlarini to‘la qoplab, uning ortgan qismini “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga kelishuv asosida sotishni boshladi.
"21 dekabr kuni Universitet ma’muriyati hamda “Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” AJ o‘rtasida “Qayta tiklanuvchi energiya manbalarining kichik obyektlaridan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risida” shartnoma imzolandi", - deyilgan xabarda.
O‘quv dargohida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi elektr ta’minoti korxonalari tomonidan kafolatlangan tarzda ASKUE tizimi doirasida o‘rnatilgan zamonaviy elektron hisoblagichlar orqali sotib olinadi.
Universetetda joriy yilning fevral oyida ishga tushirilgan quyosh stansiyasi 1 200 kvadrat metr maydonda joylashgan bo‘lib, bu yerda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan har birining quvvati 350 Vt bo‘lgan 288 dona quyosh panellari o‘rnatilgan. Stansiya yordamida bir yilda o‘rtacha 220 000 kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi mumkin.
Buning yana bir afzalligi, quyosh panellari yordamida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi universitet ichki elektr tarmog‘iga parallel ravishda qo‘shiladi va hududiy elektr tarmoqlariga bosim ham kamayadi.
Eslatib o‘tamiz: O‘zbekistonda ortiqcha elektr energiyasini aholidan sotib olish bo‘yicha birinchi shartnoma 2021-yilning 3-noyabr kuni imzolangan edi.