Toshkentning eng nufuzli ko‘chmas mulk obyektlaridan biri sotuvga qo‘yildi

Ariza topshirish barcha manfaatdorlar uchun ochiq, arizalar o‘zbek, rus va ingliz tilda qabul qilinadi.
Sputnik
TOShKENT, 22 dek - Sputnik. Toshkentning eng nufuzli ko‘chmas mulk obyektlaridan biri bo‘lgan besh yulduzli Hyatt Regency mehmonxonasi sotuvga qo‘yildi. Bu haqida "Davaktiv" agentligi xabar qilmoqda.
"O‘zbekiston prezidentining 6167-sonli farmoniga asosan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasini oshkora raqobat tamoyillariga asoslangan savdo jarayoni orqali sotilishini e’lon qiladi", - deyilgan xabarda.
Shuningdek, savdo jarayoniga eng yaxshi takliflarni tanlash uchun “KPMG Valuation and Consulting” kompaniyasi moliyaviy maslahatchi sifatida jalb qilingani ham aytib o‘tilgan.
Ariza topshirish jarayoni barcha manfaatdorlar uchun ochiq bo‘ladi. Arizalar o‘zbek, rus va ingliz tilda qabul qilinadi. Ko‘chmas mulk obyektining sotuvchi chiqarish qiymati, shartlari va boshqa batafsil ma’lumotlar hozircha keltirilmagan.
“Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasi

“Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasi 2016yilda ishga tushirilgan. Mehmonxona shahar markazida, Toshkentning asosiy diqqatga sazovor joylariga qulay va yaqin masofada joylashgan.

Umumiy yer maydoni 3,1 gektar, bino va inshootlar maydoni 60,1 ming kvadrat metrni tashkil etadi.

Mehmonxona 8 qavatdan iborat bo‘lib, mijozlar uchun 300 ta xona, jumladan, 248 ta standart va 52 ta lyuks/yarim lyuks xonalarni mavjud.