TOShKENT, 22 dek - Sputnik. Yer balansini to‘g‘ri yuritish hokimning burchi, buni uddalay olmagan hokim menga kerak emas dedi Shavkat Mirziyoyev 21-dekabr kuni yer va kadastr ishlariga bag‘ishlangan majlisda.
Qishloq xo‘jalik yerlari: aniq hisob va taqsimot
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston tarixida ilk bor Qishloq xo‘jalik yerlari yalpi xatlovdan o‘tkazilgani va 23 million gektar qishloq yerlarining elektron xaritalari tuzilganini aytib o‘tdi.
Xatlov davomida kuzatilgan muammolardan biri bu – elektron hisobga olinayotgan yerlarning qog‘oz shaklidagi yer fondi amaliyoti bilan farq qilayotgani aytib o‘tildi.
Masalan, haqiqatda aholi yashash punktiga aylanib ketgan 830 ming gektar maydon boshqa yer toifasida hisobda turibdi.
Shuningdek, bo‘sh yerlar to‘g‘risida ham aniq ma’lumot yo‘qligi, kadastr hujjati bo‘lmagani bois 2 milliondan ziyod oilalar uy-joyidan ko‘chmas mulk sifatida foydalana olmayotgani ham aytib o‘tildi.
“Bir narsani aniq tushunib olish lozim. Biz kelgusi yilda 80 ming gektar paxta va g‘alladan bo‘shagan yerlarni aholiga bo‘lib berishni reja qilganmiz. Agar yerning hisobi, aniq chegarasi bo‘lmasa, bu ishlarni amalga oshirib bo‘lmaydi", - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bois, mutasaddilarga quyidagi topshiriqlar berildi:
kelgusi yil 1-aprelga qadar qishloq xo‘jaligi yerlarini hisobga olish ishlarini yakuniga yetkazish;
yer balansidagi farq bo‘yicha yer maydonlarining egasi va aniq toifasini belgilab berish;
38 mingta subyektga tegishli yer ajratish hujjatlari to‘liq bo‘lmagan 1 million gektar maydonning ijara shartnomalarini rasmiylashtirish;
yer ajratish to‘g‘risidagi barcha qarorlarni xatlovdan o‘tkazib, ularning egasi, manzili va chegarasini aniq belgilab, kadastr idoralariga berish;
dehqon xo‘jaliklarini kadastr ro‘yxatidan o‘tkazish ishlariga 20 milliard so‘m ajratish.
"Hokimlar bir narsani o‘ziga yozib olsin. Dehqon xo‘jaligi uchun yerlar faqat tanlov asosida ushbu mahallada yashaydiganlarga, “daftarlar”ga kirganlarga, dehqonchilik tajribasiga ega bo‘lganlarga ustuvorlik asosida beriladi" - Prezident.
Shuningdee, viloyat hokimlariga bir oy muddatda kelgusi yilda aholiga ijaraga beriladigan 80 ming gektar yerni, eng avvalo, zaxiraga qaytargan holda davlat ro‘yxatidan o‘tkazib, lotlarga bo‘lib, tanlovga chiqarish topshirig‘i berildi.
Vazirlik va idoralar yerlari: yo foydalan yo balansdan chiqar
Shavkat Mirziyoyev kelgusi yildan 7 ta vazirlik va idora foydalanishida bo‘lgan 13 million gektar, hokimliklar zaxirasidagi 3,3 million gektar yerning elektron xaritasini tuzish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish shartligini ko‘rsatib o‘tdi.
bugungi kunda 8 ming gektar o‘rmon yerlarida 27 mingta turar va noturar obyektlar mavjud bo‘lgani bilan, ushbu maydon o‘rmon fondi yerlari toifasidan chiqarilmagan;
43 ming kilometr avtomobil yo‘llarida yer ajratish qarori bo‘lmagani bois, ularning chegarasi va muhofaza zonasi qayerda boshlanib, qayerda tugashi noaniq;
7 ming kilometr temir yo‘llar hamda 820 ming gektar suv fondi yerlarida ham shu kabi muammolar mavjud.
Tegishli rahbarlar kelgusi yil 1-iyunga qadar haqiqatda egallab turgan yerlarni xatlovdan o‘tkazish ishlarni yakunlash va natijasi bo‘yicha hisobot berish vazifasi qo‘yildi.
"Ushbu toifalardagi yerlarning hisobi chiqqanidan keyin har bir vazirdan o‘ziga berilgan yerdan qanday foydalanishi bo‘yicha so‘rov bo‘ladi. Ularga budjetdan mablag‘ ajratish ham shunga qarab bo‘ladi. Shu bois, ushbu vazirlar hozirdanoq hisob-kitobini qilib, ajratilgan yerlarda aniq loyihalarni boshlasin yoki yerni topshirsin", - dedi Prezident.
Aholi uy-joyi joylashgan yerlar: barcha xonadonlar kadastr hisobiga olinishi kerak
Respublika yer balansida aholi uy-joylari joylashgan yerlar 223 ming gektar bo‘lsada, amalda 1 million gektardan oshib ketgani ta’kidlandi. Andijon viloyati misolida aholi uy joylari egallab turgan yerlar hujjatlardagidan 5 baravar ko‘p bo‘lishi mumkinligi aytib o‘tildi.
Shu munosabat bilan kelgusi yil yakuniga qadar 6 millionta ko‘chmas mulk obyektlarini “xonadonbay” xatlovdan o‘tkazish topshirildi. Bunda, har bir mahalladagi hokim yordamchilari o‘z hududidagi holatni tahlil qilib, kadastr idoralariga beradi.
Xatlov natijasi bilan bino-inshootlarning elektron xaritasi yaratilib, aholi uchun qulay va ochiq-oshkora onlayn platformaga joylashtiriladi.
"Yer balansini to‘g‘ri yuritish, yerni asrab-avaylash hokimlarning konstitutsiyaviy majburiyati va asosiy vazifasidir. Buni uddalay olmaydigan hokim menga kerak emas", - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda yerdan foydalanishga doir qonunlarni yangilash - eng katta va muhim islohotlardan biri bo‘ldi. O‘zbekiston prezidenti 2021-yilning avgustida imzolagan qonunga muvofiq, respublikada yerlar iqtisodiy oborotga kiritiladi. Ya’ni ularni sotish, olish yoki garovga qo‘yish mumkin bo‘ladi.
Ikkinchidan, barcha ikki toifaga ajratiladi: qishloq xo‘jalik yerlari va noqishloq xo‘jalik yerlari. Qishloq xo‘jalik yerlarini sotish mumkin emas, faqat ijaraga berish mumkin bo‘ladi. Noqishloq yer maydonlari faqat auksion asosida sotish mumkin.