Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yilda saraton kasalligi tufayli 10 million inson hayotdan ko‘z yumgan, 19 milliondan ortiq insonga esa tashxis qo‘yilgan. Kasallikni keltirib chiqaradigan sabablar orasida olimlar turmush tarzini ko‘rsatishadi, biroq ovqatlanish ham uni keltirib chiqaradigan sabablar orasida oxirgi o‘rinda emas. Parhez kasallikni oldini olishga yordam beradimi?- RIA Novosti materialida o‘qing.
Ko‘proq olma, kamroq gamburger
Jahon Saratonni tadqiqot qilish fondining (WCRF) 2018-yilgi “Parhez, ovqatlanish, jismoniy faoliyat va saraton: global nuqtayi nazar” mutaxassislik hisobotida saraton kasalliklarini oldini olish uchun umumiy tavsiyalar berilgan. Masalan, shirinlikdan, vetchina va bekon kabi go‘shtli polufabrikatlardan qochish. Ortiqcha tuz iste’mol qilmaslik kabi.
Bunday tavsiyalar saraton tashxisining chastotasi va ma’lum ovqatlanish uslublariga rioya qilish o‘rtasidagi bog‘liqlikni tahlil qiluvchi ilmiy ishlarga asoslangan.
Kantoncha tuzlangan baliq halqum saratoni, spirtli ichimliklar – og‘iz bo‘shlig‘i, halqum, tomoq, qizilo‘ngach va ko‘krak saratoni (menopauzadan oldin va keyin) rivojlanish ehtimolini oshiradi. Qahva esa jigar saratoni xavfini kamaytiradi.
Shuningdek, saraton kasalligini oldini olishda D vitamini, kalsiy va selen moddalari ham yaxshi ta’sir ko‘rsatadi, deya ta’kidlaydi Afina Milliy universiteti epidemiologiya va tibbiy statistika professori, “Saraton xavfini kamaytiradigan turmush tarzi” qomusiy maqolasi muallifi Kristina Bamia.
Biroq odamlar bunday tavsiyalarga kamdan-kam rioya qiladi. Masalan, o‘rta amerikalik juda ko‘p miqdorda to‘yingan va kam miqdorda monoto‘yinmagan yog‘larni iste’mol qiladi. Uning ratsionida kletchatka, sabzavotlar, mevalar va don mahsulotlari ham yo‘q. Bunday holat ko‘pgina rivojlangan mamlakatlarda ham kuzatiladi.
Tavsiyalar qanchalik foydali?
Yevropa va Amerika olimlari WCRF mutaxassislari xulosasini tekshirib chiqish uchun ovqatlanish va turli xil saraton kelib chiqish ehtimoliga bag‘ishlangan 860 ta ishni tahlil qilib chiqdi. Mualliflarning ta’qidlashicha, barcha natijalar ham ishonarli emas, biroq aniq va to‘g‘ri xulosalar ham yo‘q emas.
Darhaqiqat, sut, sut mahsulotlari, kalsiy, bug‘doy yo‘g‘on ichak saratoni kelib qilish xavfini kamaytiradi, alkogol mahsulotlarini suiste’mol qilish esa, aksincha, xavfni ko‘paytiradi. Mast qiluvchi ichimliklardan qizilo‘ngach, jigar, ko‘kraz bezi kabi organlar ham aziyat chekadi. Qahva jigar saratoni kelib chiqishi ehtimolni kamaytiradi va bu tasdiqlangan xulosa. Bundan tashqari, teri bazal hujayrali karsioma bilan kasallanishni ham kamaytiradi.
Shved olimlari 2020-yilda mamlakat Jahon Saratonni tadqiqot qilish fondi qoidalariga qanchalik rioya qilishi va ulardan sezilarli foyda bor-yo‘qligini tekshirish maqsadida kogort tadqiqotlarini e’lon qildi. Ular 30 mingga yaqin erkak va 25 ming ayol o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Aniqlanishicha, afsuski, so‘rovnoma ishtirokchilarining asosiy ulushi mutaxassislar maslahatiga amal qilmaydi. Tavsiyalar esa anchayin samarali edi
Janubiy Karolina universiteti olimlari ham sog‘lom va nosog‘lom parhez hamda saraton kelib chiqish ehtimoli o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganib chiqdi. Sog‘lom parhez sabzavot va mevalar, kartoshka va dukkakli mahsulotlardan tashkil topgan. Nosog‘lom parhezga esa qizil va qayta ishlangan go‘sht mahsulotini ko‘p iste’mol qilish, shirin ichimliklar, chips, tozalangan uglevodlar, masalan shakarni ko‘p iste’mol qilish kiradi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, nosog‘lom ratsion to‘g‘ri ichak saratoni xavfini oshiradi. Alkogolning zarari esa bu yerda ham tasdiqlandi. Ko‘krak, prostata va oshqozon osti bezi saratoni haqidagi ma’lumotlarni esa tekshirib ko‘rish lozim.
Sog‘lom parhezga - masalan, hozirgi vaqtda dunyoda o‘rtayer dengi parhezi mashhur-
ko‘p miqdorda mevalar, sabzavotlar, yong‘oqlar, dukkakli mahsulotlar,
o‘rtacha miqdorda baliq, zaytun yog‘i, spirtli ichimliklar,
kam miqdorda qizil, qayta ishlangan go‘sht, sut mahsulotlarini iste’mol qilish kiradi.
Olimlar ko‘rsatgan ma’lumotlarga ko‘ra, bunday parhez bilan oshqozon, yo‘g‘on ichak, ko‘krak, oshqozon osti, prostata bezi saratoniga chalinish ehtimoli kamayadi.
Ratsionga qattiq rioya qilgan holda
Parhez bilan bog‘liq tajribalar saraton hujaylarining qanday oziqlanishi va ular bilan kurashishning yangi usullarini topishga yordam beradi. Shunday ilmiy tadqiqotni yaqinda Massachusets Texnologiya Instituti olimlari o‘tkazdi. Ular uglevodlar tanqisligiga asoslangan parhez saraton kasalligi bilan kurashishga yordam berishi yoki bermasligini tekshirishga qaror qilishdi.
Saraton hujayralari o‘sishi uchun juda ko‘p quvvat kerak. Ular bu quvvatni glyukoza (uglevod)dan oladi, hujayra membranalari qurish uchun esa ularga lipidlar kerak. Bularning barchasini kasallik hujayralari organizm qabul qiladigan oziq-ovqatdan oladi. Agar ular och qoldirilsa, shunga muvofiq, ko‘payishni ham to‘xtatadi.
Avvalgi tadqiqotlardan ma’lumki, past kaloriyali parhez ba’zi hollarda saraton o‘sishini kamaytiradi va kasal jonzotlar umrini uzaytiradi. Uglevodlar yetishmasligiga sabab bo‘luvchi ketogen parhezning ta’siri esa kam o‘rganilgan. U organizmni boshqa manbalarni qidirishga va glyukoza o‘rniga jigarda uzoq zanjirli yog‘ kislotalaridan sintezlangan keton tanalarini ishlatishga undaydi.
Olimlar sichqonlarga oshqozon osti bezi saratonini yuqtirib ko‘rishdi. Ularning bir qismini ketogen parhez, ya’ni 90% yog‘, 9% oqsil va 1% uglevodga mo‘ljallangan parhezga o‘tkazishdi. Qolgan sichqonlarga uglevod hisobiga parhezda 40% kaloriyalikni pasaytirishdi.
Ikki guruh sichqonlari organizmida ham glyukoza miqdori tushib ketgan, shuningdek, -stearoil-KoA-desaturazasi (SCD) (to‘yingan yog‘li kislotalarni to‘yinmagan yog‘li kislotalarga aylantiradigan ferment) faoliyati kamaygan. Bu tashqi tomondan tanqislik bo‘lmaganda saraton hujayralari ichidagi lipidlarning mustaqil sintezi uchun muhim. Bu yerda esa parhezlar o‘rtasida farq paydo bo‘ldi. Ketogen parhezda ortiqcha o‘simta yog‘lar bilan ta’minlangan bo‘lsa, kam kaloriyali parhez esa, aksincha, uni hujayra membranalari uchun qurilish materiallaridan ham, energiyadan ham mahrum qildi.
Shunday qilib, kam kaloriyali parhez saraton o‘simtasi o‘sishini samarali sekinlashtirdi.
Bunday tajribalarni insonlarda o‘tkazish mumkin bo‘lmagani sababli, olimlar 1165 ta oshqozon osti bezi saratoniga chalingan bemorlarning ovqatlanishi va yashovchanligi haqidagi ma’lumotlarni o‘rganib chiqishdi. Tadqiqot mualliflarining aniqlashicha, kam miqdordagi shakar parhezida iste’mol qilinayotgan yog‘ning turi muhim, biroq ratsionning saraton rivojlanishi dinamikasiga bo‘lgan ta’siri haqida xulosa qilishga hali erta, chunki ma’lumotlar to‘liq emas.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, ular saratonga chalinganlarga parhezga oid tavsiyalar berishga harakat qilishmagan, chunki past kaloriyali parhezning qarshi ta’siri xavfli bo‘lishi mumkin.
Biroq, o‘tkazilgan tadqiqotlar saraton o‘sishini sekinlashtiradigan dorilarni ishlab chiqishda kerakli va foydali bo‘ladi. Mumkin bo‘lmagan terapevtik strategiyalardan biri- o‘simta hujayralarini to‘yinmagan yog‘li kislotalarni ishlab chiqarish qobiliyatidan mahrum qiladigan SCD fermentini bostirishdir.
“Parhez saraton kasalligi rivojlanishi dinamikasiga ta’sir qilishi mumkin va bunga juda ko‘plab dalillar bor, biroq bu panatseya emas”, deydi tadqiqotning yetakchi muallifi Metyu Vander Xeyden, MIT qoshidagi integral saraton tadqiqotlari instituti direktori va amaliyotchi onkolog.
Uning ta’kidlashicha, to‘g‘ri ovqatlanishning har bir holatigacha turini bilib olish uchun shifokor maslahati lozim. Uning aytishicha, bemorlar tez-tez turli parhezlarning ustunliklari haqida so‘rab turishadi, biroq aniq va to‘g‘ri davob berish uchun ilmiy dalillar har doim ham yetarli emas.
Mustaqil mutaxassislarning ta’kidlashicha – sichqonlar bilan o‘tkazilgan tadqiqot davomida olingan natijalar ancha muhim, biroq keyingi klinik tadqiqotlarsiz uni odamlarda sinab ko‘rish mumkin emas.
Mavzuga doir materiallar: