Shuhrat Abdurahmonov: piyoda yurishni targ‘ib qilgan rahbarlarni Dubayga jo‘nataman

Andijon viloyati hokimi ertalab va kechqurun piyoda yurishni tashkil qilgan mahalla raislari va tashkilot rahbarlarini Dubayga yuborishini aytdi.
Sputnik
TOShKENT, 21 dek – Sputnik. Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov ertalab va kechqurun piyoda yurishni tashkil qilgan mahalla raislari va tashkilot rahbarlarini Dubayga yuborishini ma’lum qildi.
Oltinchi chaqiriq xalq deputatlari Andijon viloyat Kengashining o‘ttizinchi sessiyasida hokim viloyatda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, aholini ommaviy sportga keng jalb etish, sport bilan shug‘ullanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, sport infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini qayd etgan. 14-dekabrdan—14 yanvarga qadar viloyatda "Salomatlik oyligi" o‘tkazilmoqda.
Abdurahmonov o‘z mahallasidagi xonadon vakillarini bir oy davomida ertalab va kechqurun bir soatdan piyoda yurishiga erishgan mahalla raislari va profilaktika inspektorlarini Samarqand va Buxoroga, uch oy davomida piyoda yurishiga erisha olgan rahbarlarni esa Dubayga sayohatga jo‘natishga va’da berdi.

"Bitta mahallada besh yuzta xonadondan hech bo‘lmasa bittadan chiqib bir oy ertalab va kechqurun bir soatdan piyoda yursa, o‘sha mahalladagilarni barchasini Samarqand va Buxoroga sayohatga yuboraman. Agarda mahalla raisi, profilaktika inspektori va ularning atrofidagilar uch oy davomida xonadonlardagi fuqarolarni piyoda yurishga jalb etishni tashkillashtirib bersa, ularni Dubayga yuboraman”, - dedi Andijon viloyati hokimi. Uning so‘zlaridan “Daryo” nashri iqtibos keltirgan.

“Bundan tashqari, uzluksiz ravishda ertalab va kechqurun xodimlari bilan birga piyoda yurishni tashkil qilgan tashkilot rahbarlarini ham Dubayga jo‘natvoraman. Qancha pul ketsa ham mayli. Maqsad odamlarni yurgazish. Bundan ortiq boshqa nima qilish kerak?”, — deya qo‘shimcha qildi Shuhrat Abdurahmonov.
Avvalroq Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ortiqcha vazndan xalos bo‘lgan amaldor va fuqarolarga har bir kilosi uchun 500 ming so‘mdan pul to‘lanishini aytgan edi.