TOShKENT, 21 dek — Sputnik. 41 nafar fuqaro ishlash uchun Rossiyaning Novosibirsk shahriga jo‘nab ketdi.
Pilot loyiha doirasida respublika bo‘ylab Rossiya Federatsiyasining qator yirik ish beruvchi tashkilotlari bo‘sh ish o‘rinlari uchun tashkil etilayotgan tanlovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan navbatdagi guruh - 41 nafar fuqaro Novosibirsk shahriga jo‘nab ketdi.
Fuqarolarning 21 nafari Toshkent shahrida, 5 nafari Toshkent viloyatida, 10 nafari Sirdaryo viloyatida va 5 nafari esa Namangan viloyatida tashkil etilgan tanlovlarda ish beruvchi tomonidan tanlab olingan.
Toshkent xalqaro aeroportida fuqarolar bilan targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi. Ularga tarqatma materiallar berildi.
Tibbiy ko‘rik va ishlash huquqini beruvchi patent uchun kerak bo‘ladigan aksariyat hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlari O‘zbekistonda amalga oshirilmoqda.
Rossiyada qurilish sohasida ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar uchun tanlov jarayonlari davom etmoqda.