TOShKENT, 21 dek – Sputnik. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) changli havo sharoitida aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun barcha zarur choralar ko‘rilganini ma’lum qildi.
Jumladan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududlardagi 13 ta filiali hamda 179 ta aholi punktida joylashgan subfiliallari domiy shay holatda.
Bundan tashqari, mamlakat bo‘ylab 2861 ta tez tibbiy yordam brigadasi zarur dori-darmonlar bilan yetarli miqdorda to‘liq ta’minlangan. Shoshilinch va tez tibbiy yordam tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan qariyb 17 ming nafarga yaqin shifokor va 52 ming nafardan ziyod hamshiralarga zarur ko‘rsatmalar berilgan.
Qolaversa, aholi 1003 qisqa raqamli Sall-markazi malakali mutaxassislaridan changli havodan qanday himoyalanish bo‘yicha tunu kun kerakli maslahat va tavsiyalar olishlari mumkin.
Nafas yo‘li surunkali kasalliklari bor kishilarga changli havoda tashqariga chiqmasliklarini tavsiya qilingan.
Vazirlik tavsiyalari
Xona yoki inshootlarni nam latta bilan tozalab turish, uy yoki bino ichiga, atrofiga suv solingan idishlar qo‘yish chang darajasini pasaytirishga xizmat qiladi. Qolaversa, bunday vaziyatda nam sochiqlarni osib qo‘yish, konditsioner va havoni tozalash tizimlari ham asqatadi.
Derazalarni yopiq holda saqlash, ko‘proq suv ichish, tez-tez dush qabul qilish nafas olishni yengillashtiradi. Og‘iz va burun bo‘shlig‘ini tuzli eritma bilan yuvib turish ham katta samara beradi.
Ochiq havoda yurganda, albatta, tibbiy niqob taqib yurish va ularni har ikki soatda almashtirish shart. Yosh bolalar, homilador ayollar va yoshi katta insonlar ham bunday vaziyatda ehtiyotkor bo‘lishlari tavsiya etiladi.
“Agar yurtdoshlarimizda tashqi muhitdagi changlar tufayli nafas qisishi, burun bitishi, aksirish, burun oqishi, ko‘zlarda qichishish va qizarish, tomoqda kuchli qichishish, qichishish bilan kuzatiladigan yo‘tal belgilari yuzaga kelsa, tezda oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinikalarga murojaat qilishlari lozim”, - deyilgan xabarda.
Kecha O‘zgidromet respublikaning qator hududlarida chang bo‘roni va g‘uborlar ko‘tarilishi mumkinligini xabar qilgan edi.
Mavzuga oid:
Chang miqdori eng yuqori bo‘lgan hududlar ma’lum qilindi
O‘zbekistonda kuzatilgan chang bo‘roni salomatlik uchun qanchalik xavfli
Toshkent changdan qanday yuvilmoqda - video
O‘zbekistondagi chang bo‘roni kosmosdan qanday ko‘rindi
O‘zbekistondagi chang Arabiston changidan nimasi bilan farq qiladi?