TOShKENT, 20 dek – Sputnik. “UzAuto Motors” kompaniyasi bugundan eng xaridorgir avtomobillarni sotish bo‘yicha arizalarni qabul qilishni to‘xtatdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, butun dunyo bo‘ylab yarim o‘tkazgichlarni yetkazib berishda uzilishlar global avtomobil sanoatida uzoq davom etgan inqirozga olib kelgan. “UzAuto Motors” ham bundan mustasno emas.
“2021 yil 20-dekabrdan 2022-yil 1-fevralgacha “Nexia”, “Spark”, “Cobalt”, “Lacetti” avtomobillarini sotish bo‘yicha yangi arizalar qabul qilishni to‘xtatib, barcha kuch-g‘ayratimizni oldindan buyurtma qilingan avtomobillarni ishlab chiqarishga qaratilmoqda”, - deyilgan xabarda.
Kompaniya bu qarorni qabul qilish uchun oson bo‘lmagani, ammo hozirgi sharoitda kompaniya avval berilgan buyurtmalar bo‘yicha avtomobillarni ishlab chiqarishni o‘zining ustuvor vazifasi deb bilishini qayd etgan.
Avvalroq “UzAuto Motors” noyabr va dekabr oylarida yetkazilishi kerak bo‘lgan avtomobillar bo‘yicha muddatni yana 2 oyga uzaytirgan edi.