TOShKENT, 20 dek – Sputnik. Toshkent shahrida 2022-yilda barcha yosh toifalaridagi karate bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi, deb xabar qilmoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi (MOQ) matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bu haqda Qozog‘istonning Olmaota shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo karate federatsiyasining konferensiyasida ma’lum qilingan. Unda Butunjahon karate federatsiyasi prezidenti Antonio Espinos, Osiyo karate federatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Alam Mullayev ishtirok etgan.
“Ushbu tadbir kun tartibidan kelasi yil o‘tkaziladigan qit’a chempionatiga mezbonlik qiluvchi davlatni aniqlab olish masalasi o‘rin olgan edi. Ahamiyatlisi, unda Toshkent shahri kelasi yil barcha yosh toifalaridagi qit’a chempionatini qabul qiladigan bo‘ldi”, - deyilgan xabarda.
Qayd etilishicha, avvalgi mezbon davlatlar o‘z yurtlaridagi epidemiologik vaziyat sabab musobaqani qabul qila olisholmaydi.
Chempionat qaysi sanalarda o‘tkazilishiga aniqlik kiritilmagan.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent 2019-yil iyul oyida kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatini qabul qilgan edi.