TOShKENT, 20 dek – Sputnik. Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ma’muriyati davlat rahbari korteji bilan bog‘liq hodisaga munosabat bildirdi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda prezident mashinasi o‘tib ketayotganda yo‘l chetida odamlar safga tizilib, qo‘llaridagi bayroqchalarni silkitayotgani aks etgan video tarqalgan edi. Bu holat Jalolobod viloyatidagi Barpi qishlog‘ida ro‘y bergani aytilgan. Bu tarmoq foydalanuvchilarining g‘azabiga sabab bo‘ldi.
Qirg‘iziston rahbari matbuot kotibi Erbol Sultanbayev prezident Japarov bunga o‘xshash holatlarga qarshi ekanini ma’lum qildi.
“Jaloloboddagi holat yuzasidan ro‘y bergan voqeaning barcha tafsilotlarini aniqlash uchun xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda. Jumladan, mahalliy aholi bunga majburlangani yoki majburlanmagani aniqlanmoqda”, - dedi Sultanbayev. Uning so‘zlaridan Sputnik Qirg‘iziston iqtibos keltirgan.