TOShKENT, 20 dek – Sputnik. Joriy yilda umumta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirokida ta’lim muassasalari hududida Yangi yil bayramini rejalashtirish va o‘tkazish mumkin emas. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi (XTV) matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bu borada Respublika maxsus komissiyasining yig‘ilish bayoni hamda vazirlikning tegishli buyrug‘i chiqarilgan.
Vazirlik tomonidan maktablarda Yangi yil bayramini nishonlash bilan bog‘liq quyidagi holatlar taqiqlangan:
yuqori sinf o‘quvchilari ishtirokida Yangi yil bayramini nishonlash bilan bog‘liq har qanday tadbirlarni rejalashtirish va o‘tkazish;
bayram bilan bog‘liq tadbirlarni o‘tkazish maqsadida ota-onalardan turli xil noqonuniy pul yig‘imlarini amalga oshirish;
maktab foyesi va sinf xonalarini sun’iy archa va elektr chiroqlar bilan bezatish (o‘quvchilar qo‘l mehnati bilan yasalgan turli bezaklar bundan mustasno).
Istisno tariqasida boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga o‘z sinf xonalarida bayram tadbirlarini o‘tkazish hamda maktab hovlisida yangi yil archasini bezatishga ruxsat beriladi. Unda ota-onalar karantin qoidalariga rioya etgan holda ishtirok etishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasi o‘zbekistonliklarga Yangi yil bayramini oila davrasida nishonlash tavsiya etgan edi.