“Sharg‘unko‘mir” xodimlariga 2,5 mlrd so‘mlik ish haqini to‘lab bermagani aniqlandi

Avvalroq ijtimoiy tarmoqda tarqalgan xabarda korxona ishchisi og‘ir sharoitda ishlashini, ishchilar bayram puli u yoqda tursin, maoshlarini ham olmaganini ma’lum qilgan edi.
Sputnik
TOShKENT, 19 dek — Sputnik. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi “Sharg‘unko‘mir” AJ xodimlariga maoshi berilmagani aytilgan xabarga munosabat bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan xabarda korxonaning oddiy konchisi og‘ir sharoitda ishlashini, ishchilar bayram puli u yoqda tursin, maoshlarini ham olmaganini ma’lum qilgan edi.
Surxondaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi bu bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borgan.
Ma’lum bo‘lishicha, haqiqatan ham 15-dekabr holatiga ko‘ra, "Sharg‘unko‘mir" rahbariyati tomonidan xodimlarga 2,5 milliard so‘m miqdordagi oyliklarini to‘lab berilmagani aniqlangan.
Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan "Sharg‘unko‘mir" AJ rahbariyatiga fuqarolarning to‘lanmay qolgan maoshini berish bo‘yicha yozma ko‘rsatma kiritilgan. Xodimlarning ish haqini o‘z vaqtida to‘lashda Mehnat kodeksining 154, 161-moddalari talablariga rioya qilish yuzasidan tushuntirish berilgan.