TOShKENT, 19 dek — Sputnik. London meri Sodiq Xon koronavirusning omikron shtammi bilan kasallanish keskin ko‘paygani sabab shaharda favqulodda holat joriy etilganini e’lon qildi. Bu haqda u Twitterʼdagi sahifasida yozdi.
“Biz omikron bilan kasallanishning avj olishidan o‘ta xavotirdamiz – so‘nggi 24 soat ichida biz mamlakatda pandemiya boshlangandan buyon eng ko‘p kasallanishni qayd etdik”, - deya tushuntirgan Xon Sky News telekanali efirida.
17 dekabr kuni Buyuk Britaniyada koronavirus bilan kasallanish holatlari 93 mingdan oshib ketdi. So‘nggi yetti kun mobaynida mamlakatda 477 mingdan ziyod kasallanish qayd etilgan. Bu o‘tgan haftaga qaraganda qariyb 40 foizga ko‘proq.
Avvalroq Buyuk Britaniya hukumati bu yangi shtamm tarqalishi ortidan koronavirus cheklovlarini kuchaytirgan edi. Ish beruvchilarga xodimlarini masofaviy ishlash tarziga o‘tkazish tavsiya qilingan, aksariyat yopiq binolarda niqob taqib yurish yana majburiy bo‘lgan. Birinchi marta ayrim ommaviy tadbirlarga va tungi klublarga tashrif buyurish uchun to‘liq emlanganlik to‘g‘risidagi elektron guvohnomani ko‘rsatish talabi joriy etilgan.
Omikron shtammi allaqachon 89 ta mamlakatda
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, COVID-19ning omikron shtammi 89 mamlakatda aniqlangan va tez sur’atlarda tarqalmoqda.
Tashkilotning ta’kidlashicha, omikron deltaga qaraganda juda tez tarqalmoqda. Ayrim davlatlarda har 1,5-3 kunda omikron holatlari ikki barobarga oshmoqda.
Omikron deb nomlangan koronavirusning yangi shtammi noyabrda Botsvana va Janubiy Afrika Respublikasida aniqlangan edi. JSST uni “xavotir tug‘diruvchi” deb tan olgan. Mutaxassislar yangi shtammni koronavirusni boshdan kechirganlar ham, emlanganlar ham yuqtirib olishi mumkin deb hisoblashmoqda.
Mavzuga oid:
O‘zbekiston omikron shtamm sabab qator davlatlar bilan aviaqatnovlarni to‘xtatadi
Otabekov: omikron shtamm ikkinchi va uchinchi mamlakatlar orqali kirib kelishi mumkin
Isroil omikron shtammi sabab chegaralarini xorijliklar uchun yopdi