TOShKENT, 18 dek - Sputnik. O‘zbekistonning eng janubiy nuqtasi, Termiz shahri Afg‘onistonga gumanitar yordam berish uchun muhim transport-logistik nuqta deb tasdiqlandi. Bu haqida AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida BMT Qochoqlar ishi bo‘yicha Oliy komissarining katta maslahatchisi Frank Remus ma’lum qildi.
"Biz Afg‘oniston atrofida gumanitar yordam jo‘natish xablari tashkil qilganmiz. Ana shunday xablar Eronda, Pokistonda bor. Bizga shimol tomondan xab yetishmayotgan edi. Ushbu nuqtayi nazardan Termiz juda qulay joylashgan. BMT bu borada hamkorlik qilish haqida qaror qabul qildi.
Termiz bu vaqtinchalik emas, strategik, ya’ni uzoq muddatli qaror. Biz Termiz orqali hali ko‘p marotaba hamkorlik qilamiz", - dedi Frank Remus.
Shuningdek, BMT vakili Termiz xabi orqali Afg‘onistonga ikkita yuk mashinasida gumanitar yordam jo‘natilganini ma’lum qildi. Ularning aksariyati oshxona idishlari va plastik qoplamalar(listlar).
Bular birinchi navbatda Afg‘onistonning ichki qochoqlari uchun mo‘ljallangan. Bugungi kunda u yerda o‘z uyini tashlab ketib qochoqlar lagerlarida yashayotganlar soni 3,5 millionga yaqin.
"Oldinda qish, lekin bizning Mozori Sharifdagi omborxonalarimiz bo‘shab qolgan. Shu sababli biz yanvarda ko‘proq yuk jo‘natishimiz kerak", - dedi Remus.
Matbuot anjumanida so‘zga chiqqan O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Ergashev O‘zbekiston BMTning Qochoqlar ishi qo‘mitasi bilan bundan 27-yil oldin Afg‘onistondan tojik qochqinlarni qutqarish vaqtida hamkorlik qilganini esga oldi.
"O‘shanda ham Termiz Afg‘onistonga yordam xabiga aylangan edi. Termizda BMTning qochqinlar ishi qo‘mitasi va Oziq-ovqat qo‘mitasi vakolatxonasi faoliyat yuritgan edi", - dedi Ergashev.
Shuningdek, O‘zbekiston prezidentining maxsus vakili, oldin Afg‘onistonda xizmat qilgan AQShning bir qator xarbiy qo‘mondonlari prezident Jo Baydendan Afg‘onistonning muzlatib qo‘yilgan mablag‘larini ozod qilishni so‘rayotganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham 21-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan Valday forumida so‘zlagan ochiq murojaatnomasida AQSh va Afg‘onistonda 20-yil davomida harbiy faoliyat olib borgan mamlakatlardan Afg‘onistonning muzlatib qo‘yilgan mablag‘larini erkinlashtirishni so‘ragan edi. "Afg‘on xalqiga o‘z ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilishga imkon bering", degan edi Rossiya prezidenti.