Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi halokat yoqasida - Senat

Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida sho‘rlanish, baliqlarning kamayib ketayotgani va boshqa muammolarni hal qilish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborildi.
Sputnik
TOShKENT, 18 dek - Sputnik. Suv sathining keskin kamayishi, suv tarkibi sho‘rlanishi oqibatida Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi halokat yoqasiag kelib qolgan.
Ushbu masala Senatning 16-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan 22 yalpi majlisida btafsil muhokama qilindi, deb xabar qilmoqda Davlat Ekologiya qo‘mitasi. Qalampir nashri maqolasiga asosan.
Majlisda Aydar-Arnasoy ko‘llari masalasida bir necha notiqlar so‘zga chiqib o‘z mulohazalarini bildirishdi.

Ko‘llar suvi kamamyib ketdi - Risqul Sidiqov

"Aydar-Arnasoy ko‘llari tizimining suv hajmi 1994–2000 yillarda 44 mlrd m3 bo‘lib, hududning umumiy maydoni 350 ming gektarga, uzunligi 250 kilometrga yetgan bo‘lsa, “Chordara” suv omboridan 2013-2021 yillarda ko‘llar tizimiga suv tashlanmaganligi bois suv hajmi qariyb 34 mlrd m3 ga tushib qolgan.
Ko‘llar tizimidagi suvning sathi 2 metrga pasayib, minerallashganlik darajasi so‘nggi 10 yilda 5,1 g/l dan 8,6 g/l gacha oshgan. Suv sathining pasayishi va sho‘rlanishi natijasida qirg‘oq bo‘ylari 15-50 metrga chekinib, 15–20 sm gacha ba’zi joylarda undan ham ko‘proq tuz qatlami hosil bo‘lgan. Bu esa kuchli shamol vaqtida tuzli changlar bo‘lishiga olib kelmoqda va ekin maydonlari hamda inson salomatligiga ta’sir o‘tkazmoqda”, - deydi Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Risqul Siddiqov.
Senator shuningdek, ko‘llar tizimidan foydalanish haqidagi normativ-hujjatlarda ham nomuvofiqliklar mavjudligini va Arnasoy ko‘llar tizimini muhofaza qilish bo‘yicha shtat birliklari ajratilmaganini ham qo‘shimcha qildi.

Baliqlar nobud bo‘ladi - Boriy Alixanov

Yig‘ilishda Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi Boriy Alixonov ham Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimidagi quyidagi 3ta muhim muammoni sanab o‘tdi.
1.
Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida kelgusida sho‘r suvlar oqibatida minerallashuv ortib boradigan bo‘lsa, chuchuk suvda yashaydigan baliqlarning yashashiga imkon yo‘qoladi. O‘z-o‘zidan baliqlar urchishi, chavoqlanishi masalasi yo‘q bo‘ladi. Ya’ni chuchuk suvda tabiiy holda baliq ovlash imkoni qolmaydi.
2.
Ushbu ko‘llar tizimi tubidagi bir necha o‘nlab santimetrlik quyqadagi serovodorod yoki vodorod sulfid ochilib qoladigan bo‘lsa, atrof-muhitga juda katta zarar yetadi. O‘sha hudud ekotizimining ixtiofaunasi yoki gidroflorasi yo‘q bo‘lib ketishi mumkin.
3.
Baliq ovlaydigan bir martalik kichkina katakli to‘rlarni taqiqlash kerak. Bu masalalarni agar hal qilmaydigan bo‘lsak, chavoqchalar yoki malyutkalar nobud bo‘ladi va umuman baliqlarning urchishiga imkon bo‘lmaydi.
4.
Agar hozirda biz 5-10 yildan so‘ng nima bo‘lishi haqida prognoz qilishni o‘rganmasak, bashorat qilish masalasini o‘rtaga qo‘ymaydigan bo‘lsak, ahvol undan battar bo‘lishi mumkin.

Orol muammosi Toshkent yaqiniga kelib qolishi mumkin - Jusipbek Kazbekov

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimiga jiddiy qaralmasa, Orol muammosini Toshkent yaqiniga kelib qolishini va ikkinchi Orol muammosi kelib chiqishini aytdi.

"O‘zim Orolbo‘yi hududi, Qoraqalpog‘istondan kelganim uchun bilaman. 1984-yilda 4-sinf vaqtimda hozirgi “Kemalar qabristoni”da mayoq bor edi. Kemada turib ko‘rgan katta dengizimiz ko‘z oldimizda. Institutni bitirib 10-yil oralig‘ida Mo‘ynoqqa borganimizda Aydar-Arnasoydan 30 baravar katta, 1000 kub kilometr hajmdagi dengiz mana shu qisqa vaqtda yo‘qolib ketgan. Toshkent shahridan unchalik uzoq bo‘lmagan mazkur hududga (Aydar-Arnasoy) jiddiy qaramas ekanmiz, vaqtida chora-tadbirlar ko‘rmas ekanmiz, Orol muammosini mana shu yerga, Toshkent yaqiniga olib kelgan bo‘lamiz va ikkinchi Orol muammosini keltirib chiqargan bo‘lamiz”, - deydi Jusipbek Kazbekov.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev ham ushbu ko‘llar bilan bog‘liq qator muammolarni sanab o‘tdi va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu vaziyatdan shaxsan xabardor ekanini ta’kidladi.
Soliyev xususan, sobiq Ittifoq davridan qolgan zararli o‘g‘itlar Aydar-Arnasoy ko‘llariga tushayotgani, baliqchilik sohasini rivjlantirishdagi muammolar, ushbu sohaga doir qonunchilikdagi kamchiliklar, hududni muhofaza qilish uchun ekologiya sohasida shtat birliklari yetishmasligi va boshqa muammolarni sanab o‘tdi.
Muhokama yakunida ushbu masalalarga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish yuzasidan Oliy Majlis Senatining qarori qabul qilindi.